Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy Majlis palatalari va Osiyo-Tinch okeani davlatlari hamkorligi:parlamentning tashqi siyosatdagi roli muhim hisoblanadi
11:56 / 2022-04-25

Rivojlanib borayotgan davlatlar bugun o‘zlarining ichki va tashqi siyosatida aniq maqsadlari sari demokratik islohotlarni amalga oshirmoqda.

Bu, o‘z navbatida, har bir mamlakat xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ekti sifatida o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lish uchun intilayotgani bilan izohlanadi. Bu borada mamlakatimizda olib borilayotgan ichki va tashqi siyosat yurtimizning xalqaro nufuzini kun sayin oshirmoqda.

Yangi O‘zbekistonning yangi tashqi siyosati chuqur o‘ylanganligi, pragmatik va aniq yechimlarga asoslanganligi, o‘zining demokratik ruhda fuqarolarning ehtiyoj va manfaatlariga javob berishi bilan xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

Mamlakatimiz tashqi siyosatda barqaror, adolatli va demokratik davlat qurish, xalqaro munosabatlarda ochiqlik va oshkoralikni ilgari surish yo‘lidan bardavom bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tribunasidan turib aytgan so‘zi ham tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarning mazmun-mohiyatini ifoda etadi«O‘zbekiston hech qanday blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolgan holda, ochiq muloqotga tayyordir. Biz barcha sheriklarimiz bilan tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz».

Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatidagi barcha resurslar ochiqlik va tinchlikka safarbar etilayotgani zamirida chinakam demokratik g‘oyalar mujassam ekani hech kimga sir emas.

Mamlakatimizda 2017-2021 yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida izchil olib borilgan islohotlar o‘z samarasini berib, erishilgan natijalar 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga mustahkam poydevor bo‘lmoqda.

Taraqqiyot strategiyasining hamda uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat daстуриniнг yettinchi –  “Мамлакатимиз xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish”ustuvor yo‘nalishidagi 95-maqsad – “An’anaviy hamkorlarimiz bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish",99-maqsad– “Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining istiqbolli bozorlariga eksport hajmi va nomenklaturasini oshirish, ushbu va boshqa mintaqalardagi davlatlar bilan an’anaviy strategik sheriklik asosidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini qamrab olgan.

TASHQI SIYOSAT

Shu o‘rinda demokratiyaning ajralmas bo‘g‘ini bo‘lgan parlamentning mamlakat tashqi siyosatidagi roli muhim hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasi qabul qilinishi tarixiy voqelik bo‘ldi. Bu bilan xalqaro maydonda parlamentlararo aloqalar olib borish faoliyati o‘ziga xos huquqiy asosga ega, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur hujjatga muvofiq, xorijiy davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatida Oliy Majlis palatalari ishtirokini faollashtirish kabi vazifalar belgilangan. Unga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston parlamenti tomonidan har bir mintaqa va parlamentlararo tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda kechayotgan tub yangilanishlar izchil va faol tashqi siyosatda parlament diplomatiyasining ahamiyatini oshirmoqda. Oliy Majlis palatalari tomonidan xorijiy parlamentlar bilan hamkorlikdagi guruh va komissiyalar bilan o‘zaro amaliy aloqalarni yanada rivojlantirish hamda kengaytirish choralari ko‘rilishi natijasida parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyati yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.

bugungi kunda parlamentlararo do‘stlik guruhlari davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun doimiy muloqot maydoni vazifasini bajarib, parlament demokratiyasining muhim qismi sifatida ochiq, konstruktiv va jonli muloqot olib borishning qulay mexanizmiga aylanmoqda. Agar milliy parlament 2015-2019 yillarda 28 ta davlat parlamentlari bilan hamkorlik guruhlarida faoliyat olib borgan bo‘lsa, hozir ularning soni 53 taga yetdi, shu jumladan, 52 tasi davlatlar va Yevropa Ittifoqi parlamentlaridir. Ushbu xorijiy parlamentlar bilan milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda hamkorlik rejalari, «yo‘l xarita»larituzilgan bo‘lib, bu o‘zaro aloqalarni aniq chora-tadbirlar asosida olib borishga xizmat qilmoqda.

Yuqorida keltirilgan konsepsiya va davlat dasturidagi maqsadlar doirasida joriy yilning fevral oyida Oliy Majlis palatalarining parlamentlararo masalalar bo‘yicha qo‘mitalari, mamlakatimiz tashqi siyosatiga bevosita aloqador davlat idoralari hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamkorligida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda xorijiy parlamentlar va do‘stlik guruhlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha xorijiy parlamentlar kesimidagi reja va «yo‘l xarita»larga mamlakatdagi islohotlardan kelib chiqib o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. 

Shu bilan birga, milliy ekspertlarimiz tomonidan XXI asr global tendensiyalarining mamlakatimiz tashqi siyosati ustuvor yo‘nalishlariga ta’sirini inobatga olgan holda O‘zbekiston va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari parlamentlari bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston diplomatiyasi kun tartibida doimo dolzarbligi alohida qayd etildi. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, xalqaro xavfsizlik prinsiplarini ta’minlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni va tashqi savdo hajmini oshirish, ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish, xalqaro shartnomalardagi majburiyatlarni bajarish, inson huquqlarini ta’minlash, Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish va boshqa shu kabi yo‘nalishlarda mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yuzasidan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari parlamentlari bilan munosabatlarni jadallashtirish muhim hisoblanadi. 

Hozirda Oliy Majlis palatalari tomonidan Osiyo-Tinch okeani mintaqasining bir qator davlatlari parlamentlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. 

Masalan, Xitoy Xalq Respublikasi Butun Xitoy Xalq Vakillari Kengashi, Yaponiya Parlamenti, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi, Kanada parlamentining Jamoat palatasi, Malayziya parlamenti Vakillar palatasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo do‘stlik guruhlari shakllantirilgan va turli sohalarda yuqori darajadagi hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Hamkorlik doirasida parlamentarizmni rivojlantirish, qonun ijodkorligi, parlament nazorati va parlament faoliyatiga doir boshqa masalalar yuzasidan ikki tomonlama maslahatlashuv uchrashuvlari tizimli ravishda o‘tkazib kelinmoqda. 

E’tirof etish kerakki, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari rivojlanish bo‘yicha ko‘p sohalarda yetakchi o‘rinlarda bormoqda. Bunga Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Indoneziya, Malayziya, Singapur va boshqa mamlakatlarda ilm-fan, axborot texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot singari qator sohalar yuqori darajada rivojlanganligini misol qilib keltirish mumkin. 

1993 yilda tashkil etilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi parlament forumi hozirgi kunda jahondagi yirik parlament tashkilotlaridan biri bo‘lib, tinchlik, gender tengligi, erkinlik, demokratiya, farovonlik, erkin savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish va sog‘lom atrof-muhit amaliyotini kengaytirish bo‘yicha 27 a’zo parlament mazkur forum doirasida ochiq hamkorlik muhitini shakllantirishga va parlament rolini oshirishga ko‘maklashib kelmoqda.

Forum faoliyati davomida hozirga qadar 29 marotaba yillik sessiya tashkil etilib,samarali natijalarga erishildi. Xususan, 2016 yilning 17-21 yanvar kunlari Vankuver (Kanada)da bo‘lib o‘tgan sessiyada Osiyo-Tinch okeani mintaqasi parlament forumi tarixida ilk bor ayol parlament vakillarining jamiyatdagi siyosiy jarayonlarda ayollar rolini oshirishiga qaratilgan uchrashuvi tashkillashtirildi.

Yana bir e’tiborli jihati, bunday uchrashuvlarni an’anaviy tarzda har yili tashkil etishga kelishilganligi va forum doirasida ayol parlament vakillari Koordinatorlik kengashi tashkil etilgani ijobiy o‘zgarishlardan biri bo‘ldi. 

2017 yilning 15-19 yanvar kunlari Natadola (Fidji)da bo‘lib o‘tgan sessiyada ilk bor muhim ahamiyatga ega bo‘lgan xalqaro forumlarda to‘laqonli hamkorlik va ochiq muloqotga to‘siq bo‘luvchi shaxsiy sanksiyalarni parlamentlarga nisbatan qo‘llashdan voz kechishga qaratilgan amaliy ishlar yuzasidan «Osiyo-Tinch okeani mintaqasida parlament hamkorligi to‘g‘risida»girezolyutsiyasi qabul qilindi va bu parlamentlararo aloqalarning yangi bosqichini boshlab berdi. 

«Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida»gi rezolyutsiyada xavfsizlikning umumiyligi, xalqaro huquqning ustunligi, muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilish va kuch ishlatmaslik masalalari o‘z aksini topgan bo‘lsa, «Osiyo-Tinch okeani mintaqasida savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida»gi rezolyutsiyada esa mintaqada Jahon savdo tashkiloti tamoyillariga asoslangan universal, shaffof, ochiq va adolatli ko‘p tomonlama savdo tizimining ahamiyati va yetakchi roli yana bir bor tasdiqlandi.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasi parlament forumi o‘z faoliyati natijasi o‘laroq mintaqa va uning tashqarisida tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, Mintaqaviy ko‘p tomonlama hamkorlik (multilateralizm)ni kuchaytirish hamda Xalqaro huquq normalari va qoidalariga asoslangan masalalarni hal qilish, mintaqada terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, ayollar ishtiroki va vakilligini oshirish orqali gender tengligiga erishish kabi ko‘plab dolzarb masalalarni hal etishga nisbatan parlament rolini kuchaytirishda muhim xalqaro platformalardan biriga aylandi.

Mazkur mintaqadagi davlatlarning bugungi rivojlanish sur’atlarini bir qator aniq va natijador islohotlarga bog‘lash mumkin. Zero, investitsiya jozibadorligi va boshqa omillar sabab mamlakatlar iqtisodiy ko‘rsatkichi oshmoqda, bu esa mamlakatlarning xalqaro maydondagi imijiga alohida ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hozirda ushbu davlatlar raqamli texnologiyalarning keng imkoniyatlaridan foydalanish, jamiyatdagi sohalarni to‘liq raqamlashtirish va inson omilini qisqartirish orqali davlatdagi korrupsiya holatlarini kamaytirishga erishish bo‘yicha ilg‘or tajribaga ega. 

PARLAMENT NAZORATI

Binobarin, ilg‘or xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda «Uchinchi Renessans» sari borayotgan mamlakatimiz taraqqiyotida barcha davlat organlari korrupsiya illatiga qarshi birdek kurashishi, bu borada parlamentimiz tomonidan qonunlarga asoslangan, natijador va qat’iy «parlament nazorati» olib borilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. 

Bunda ushbu davlatlarning qisqa vaqt ichida erishgan natijalarini tajriba sifatida qo‘llash esa «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyilning amaldagi ijrosini to‘la ta’minlashga erishish mumkin.

Buni Singapurning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha boy tajribasi misolida ko‘rish mumkin. Mazkur davlatda ushbu illatga qarshi olib borilgan tizimli va murosasiz choralar o‘z natijasini berganligi dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan.

Shuningdek, mazkur mintaqadagi qisqa, lekin asrlarga tatigulik tajribani inobatga olgan holda milliy parlamentimizning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi parlament forumidagi ishtirokini yanada faollashtirish quyidagi imkoniyatlarni yaratadi: 

birinchidan, Oliy Majlis palatalari tomonidan amalga oshirilayotgan mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlarni xalqaro maydonda namoyon etish;

ikkinchidan, mamlakatimizning gender tengligi sohasidagi xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash;

uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan samarali parlament nazorati mexanizmlari bo‘yicha aniq rejalar asosida hamkorlik aloqalarini olib borish;

to‘rtinchidan, mintaqa parlamentlari bilan «elektron parlament» tizimi bo‘yicha tajriba almashish va milliy parlamentimizning fuqarolar bilan ishlash tizimini raqamlashtirish;

beshinchidan, raqamli iqtisodiyot bo‘yicha parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘zaro hamkorlik rejalarini ishlab chiqish va doimiy ravishda istiqbolli takliflar kiritib borish. 

Xulosa qilib aytganda, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi forumida O‘zbekiston parlamentining faol ishtiroki mamlakatimizning tashqi siyosat sohasida muhim ustuvor yo‘nalish hisoblangan dunyoning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlari bilan strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar samarasi yanada oshishiga xizmat qiladi.



Jasur XUDOBERGANOV, 

Oliy Majlis huzuridagi

Qonunchilik muammolari va

parlament tadqiqotlari

institutining Ilmiy hamkorlik 

va xalqaro aloqalar sho‘’basi mudiri.