O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidova Qoraqalpog‘iston Respublikasining bir qator tumanlarida bo‘lib, joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab deputat Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida “Ogoh bo‘ling, firibgar!” mavzusida o‘tkazilgan huquqiy-targ‘ibot tadbirida ishtirok etdi. Uchrashuv talaba-yoshlar o‘rtasida uchrayotgan firibgarlik jinoyatlarining oldini olish, ularning raqamli xavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratildi. Davra suhbatida soha mutaxassislari tomonidan yurtimizda kuzatilayotgan firibgarlik holatlari, ularning zamonaviy ko‘rinishlari hamda himoyalanish usullari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Shundan so‘ng deputat Qoraqalpog‘iston Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda mineral o‘g‘itlar va boshqa ozuqa resurslarining o‘rni” mavzusida tashkil etilgan seminarda ishtirok etdi.
Tadbirda qishloq xo‘jaligining mamlakat iqtisodiyotidagi strategik ahamiyati alohida ta’kidlandi. Xususan, sohaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligini oshirish, ichki bozor barqarorligini saqlash hamda eksport salohiyatini mustahkamlashdagi o‘rni yuzasidan fikr almashildi. Mineral o‘g‘itlardan oqilona va samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha mutaxassislarning taklif va mulohazalari tinglandi.
Nodira Rashidova Nukus shahridagi “Jiydeli Baysin” va “Amudarya” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, mahalla yettiligi bilan uchrashdi. Hududdagi mavjud muammolar, xususan, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini yo‘lga qo‘yish, aholi uchun qulay infratuzilma yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, deputat Qonliko‘l tumaniga ham tashrif buyurib, tumandagi texnikum hamda 1-son umumta’lim maktabida yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Safar yakunida tuman tibbiyot birlashmasi huzurida yangidan qurib bitkazilgan, qiymati 1 milliard 500 million so‘mlik zamonaviy shoshilinch tez yordam bo‘limi — Emergency Departamentning ochilish marosimida ishtirok etildi. Mazkur bo‘limning ishga tushirilishi bemorlarga o‘z vaqtida va sifatli shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Ilgari maxsus hududlarga ajratilmagan maskan endilikda kasallik darajasiga qarab “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga bo‘lingan holda faoliyat yuritadi. Zamonaviy tibbiy uskunalar va malakali kadrlar bilan ta’minlangan yangi bo‘lim aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.