Oliy ma’lumotli bo‘lish istagida
Navoiy viloyatidagi oliy o‘quv yurtlariga ham qabul jarayonlari davom etmoqda. Navoiy davlat konchilik va Navoiy davlat pedagogika institutlarida abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinayotir.
Navoiy viloyatidagi oliy o‘quv yurtlariga ham qabul jarayonlari davom etmoqda. Navoiy davlat konchilik va Navoiy davlat pedagogika institutlarida abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinayotir.Joriy yilda viloyatdagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni bitirgan 14 ming 765 nafar yoshlarning qariyb 40 foizi oliy o‘quv yurtida ta’limni davom ettirish istagini bildirgan.
Navoiy davlat konchilik institutida Prezidentimizning joriy yil 23-iyundagi 2015-2016 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risidagi qarori asosida abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayonlari samarali yo‘lga qo‘yilgan.
– Viloyatimizda sanoat izchil rivojlanib borayotgani malakali kadrlarga ehtiyojni ham oshirmoqda, – deydi institut qabul komissiyasi mas’ul kotibi Nodir Doniyorov. – Konchilik sohasi uchun yetuk mutaxassislar tayyorlanadigan ta’lim maskanimizda yoshlarning zamonaviy bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Joriy o‘quv yilida institutning 9 bakalavr yo‘nalishida 850 nafar, 8 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 59 yosh qabul qilinishi belgilangan.
Abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida institut qabul komissiyasi tomonidan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati, o‘quv yo‘nalishlari va fakultetlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks etgan maxsus burchaklar tashkil etilgan. Komissiya huzuridagi maslahat guruhlari yoshlarga qabul tartibi bo‘yicha zarur tushunchalar bermoqda.
– Uchquduq konchilik kollejini tugatdim. Endi shu sohada oliy ma’lumot olish maqsadida institutning konchilik ishi fakultetiga hujjat topshirdim, – deydi Dildora Rahmonova. – Nasib etsa, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tsam, o‘z kasbimning yetuk mutaxassisi sifatida konchilik sohasi rivoji yo‘lida sidqidildan mehnat qilaman.
Navoiy davlat konchilik institutining yangi o‘quv binosini qurish ishlari davom etmoqda. Qurilish ishlari ikki bosqichda olib borilayotir. Institut rektorati, energomexanika, konchilik ishi, kimyo-metallurgiya fakultetlari binosi, sport zali, faollar zali, axborot-kutubxona markazini barpo etish ishlari yakuniga yetish arafasida.