Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul: talab va imtiyozlar
18:48 / 2023-06-07

7 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibi va davlat test sinovlarini topshirish jarayoni” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida Mudofaa vazirligining soha yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul bosh boshqarma va boshqarma boshliqlari, oliy harbiy ta’lim muassasalari boshliqlarining o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda harbiy ta’lim tizimidagi keng ko‘lamli ishlar haqida ma’lumotlar berilib, oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni qabul qilish tartibi, test imtihonlari, harbiy kadrlarni tayyorlash masalalari haqida ma’lumot berildi.

Mudofaa vazirligi tasarrufida Qurolli Kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi mavjud.  

Shuningdek, Qurolli Kuchlar ehtiyojlari uchun safarbarlik rezervlarini shakllantirish va ulardan foydalanish jarayonini optimallashtirish, rezerv va zaxira ofitserlarni tegishli harbiy-hisob ixtisosliklari bo‘yicha sifatli tayyorlash uchun Mudofaa vazirligi tasarrufida 4 ta, jumladan, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti harbiy ta’lim fakulteti, Buxoro davlat universiteti harbiy ta’lim fakulteti, Farg‘ona davlat universiteti harbiy ta’lim fakulteti kabi harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari faoliyat yuritmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish borasida aniq, izchil va keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ta’lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish, yuqori bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, dunyoqarashi va fikrlash doirasi keng mutaxassislarni tayyorlash uchun Mudofaa vazirligida harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimi prinsipial jihatdan mutlaqo yangi asosga o‘tkazildi.

[gallery-12240]

Harbiy kadrlar, birinchi navbatda, chuqur bilimga ega bo‘lgan va zamonaviy fikrlaydigan, intellektual yetuk ofitserlarni tayyorlash Qurolli Kuchlar faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlov tadbirlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 dekabrdagi qarori bilan amalga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, tanlov bosqichlari soddalashtirilgan bo‘lib, byurokratiya va inson omilining aralashuviga chek qo‘yilgan va ochiqlik siyosatiga asoslangan.

Tanlov tadbirlari o‘qishga kirgunga qadar yil davomida o‘tkaziladigan harbiy-professional yo‘naltirish bilan boshlanadi. Mazkur jarayonda o‘quvchi-yoshlarning faxriylar, harbiy qism hamda oliy harbiy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuvlari va davra suhbatlari muntazam o‘tkaziladi. Bunda ularga ofitser kasbi, o‘qishga kirish tartibi to‘g‘risida tushuntirishlar beriladi.

– Dastlabki saralab olish tadbirlari ikki bosqichda o‘tkaziladi, – deydi Mudofaa vazirligi tibbiy ta’minot boshqarmasi boshlig‘i tibbiy xizmat polkovnigi Nosirjon Fozilov. – Birinchi bosqich 1 fevraldan 31 martgacha – fuqaro yoshlar uchun mudofaa ishlari bo‘limlarida, harbiy xizmatchilar uchun xizmatni o‘tash joyida zarur hujjatlarni to‘plash amalga oshirilgan. Ikkinchi bosqich 10 apreldan 31 maygacha – fuqaro yoshlar uchun mudofaa ishlari boshqarmalarida, harbiy xizmatchilar uchun Mudofaa vazirligining harbiy qism va tibbiy muassasalarida o‘tkazildi. Unda individual-psixologik o‘rganish – profotbor, yozma shaklda, jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash – turnikda tortilish, 100 metrga yugurish, 3000 metrga yugurish, yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda ma’lum qilinishicha, tanlov bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar endi test sinovlariga kiritiladi. Test sinovlari iyul-avgust oylarida nomzodlar tanlagan hududlarda o‘tkaziladi.

– Test topshirish fanlari: birinchi blokda majburiy fanlar – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, har birida o‘ntadan savol bo‘lib, har bir to‘g‘ri javobga 1.1 ball beriladi, – deydi mudofaa vazirining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi polkovnik Otabek Yo‘ldoshev. –  Ikkinchi blokda ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar – matematika, fizika bo‘ladi, har biridan o‘ttiztadan savol bo‘lib, har bir to‘g‘ri javobga mos ravishda 3.1 va 2.1 ball beriladi.

Matbuot anjumanida imtiyozlar berish, xotin-qizlarni sohaga jalb qilish, tibbiyot yo‘nalishi talabalariga beriladigan imkoniyatlar, xizmat chog‘ida halok bo‘lgan yoki salomatligini yo‘qotgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor xususida so‘z bordi. OAV vakillarining savollariga javob berildi

Barno MELIQULOVA, Oybek PARDAEV (foto), O‘zA