Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti tomonidan Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi Ixtisoslashtirilgan maktabda tashkil etilgan harbiy-vatanparvarlik tadbiri «Rahbar va yoshlar uchrashuvi» bilan boshlandi.
Navqiron avlod vakillari bilan ochiq va samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan muloqotlarda milliy armiyamiz, oliy harbiy ta’lim muassasalari, muddatli harbiy xizmat va shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi bo‘lish tartiblari haqida so‘z bordi. Uchrashuv davomida bir guruh yoshlarga oliy ta’lim muassasalari to‘lov-kontrakti uchun vaucherlar, faxriy yorliq va kitoblar jamlanmasi topshirildi.


Shundan so‘ng maktabning shaxmat sinfi ochilishi, «Vatan tayanchi» otryadi a’zolariga ko‘krak nishoni topshirish marosimlari o‘tkazildi. Ta’kidlash joizki, ushbu kun maktab hayotida muhim voqealarga boy bo‘lib, o‘zaro hamkorlik borasida yangi qadamlar tashlandi. Birgalikdagi tadbirlarni sifatli o‘tkazish maqsadida Oliy harbiy ta’lim maskani va maktab o‘rtasida memorandum imzolandi.


Kunning ikkinchi yarmida «Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shiori ostidagi festival start oldi. Bilim yurti kursantlarining faxriy qorovul va qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Surxon baxshilari tomonidan insonparvarlik va mardlik ruhini o‘zida mujassamlagan termalar ijrosi ham barchaga birdek manzur bo‘ldi.





Mirjalol ABDUJABBOROV, harbiy jurnalist.
O‘zA