Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy darajadagi tashriflar investitsiyaviy hamkorlik yanada rivojlanishiga turtki bermoqda
11:25 / 2025-08-14

O‘zbekiston Prezidentining Boku shahriga rasmiy tashrifi mamlakatimiz va Ozarbayjon o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini tasdiqlagan muhim voqelik bo‘ldi.

Tashrif doirasida Ozarbayjon - O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (AUIC) qator muhim tashabbuslar bilan bir qatorda, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 280 ta korxona samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari sur’atining tahlili eksport va import tarkibi doimiy ravishda o‘zgarib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa har ikkala tomonning iqtisodiyoti tobora o‘sib borayotganini anglatadi. 

Tashrif davomida ikki mamlakat yetakchilari xalqaro va mintaqaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazib, o‘zaro aloqalarning istiqbollarini muhokama qildilar. Tomonlar erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish va soliq boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashishga qiziqish bildilar. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlar va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashning muhim omili sifatida madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yaqinda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida qonun qabul qilingani strategik hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro rivojlanish uchun sharoitlar yaratishda muhim bosqich bo‘ldi.

Ma’lumki, shu yili Xiva shahrida Birinchi O‘zbekiston–Ozarbayjon parlamentlararo forumi o‘tkazildi. Unda ikki mamlakat parlamentlari va yoshlar tashkilotlari vakillari hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va yangi imkoniyatlarini muhokama qildilar. 

Har ikki delegatsiya tomonidan ilgari surilgan takliflar AUICning asosiy maqsadlari bilan to‘liq uyg‘un, ya’ni, O‘zbekiston va Ozarbayjonning investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va barqaror iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Joriy yil iyun oyida Boku shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar investitsiyaviy aloqalar ustuvor yo‘nalish ekanligini yana bir bor tasdiqlab, ikki davlat hududida va mintaqaviy doirada qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishga kelishib oldilar. Bugungi kunda AUIC tomonidan turli sohalarda 15 ta istiqbolli loyiha ko‘rib chiqilmoqda.

– Asosiy maqsadimiz – O‘zbekiston va Ozarbayjon kompaniyalariga moliyalashtirish uchun teng imkoniyatlar yaratish, – deydi AUIC bosh direktori Nazim Gadjiyev. – To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarimiz hajmi 1 milliondan 25 million dollargacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi. Har yili 10-15 ta investitsiyaviy kelishuvni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Shularning 6 tasini shu yilning o‘zida hayotga tatbiq etamiz. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va sanoat kabi sohalarga sarmoya kiritish, o‘zbekistonlik tadbirkorlarning Ozarbayjon bozoriga, ozarbayjonlik tadbirkorlarning esa O‘zbekiston bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash orqali ikki mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratishga o‘z hissamizni qo‘shamiz. 

Bugungi kunda AUIC qiymati 80 million dollardan ortiq tasdiqlangan loyihalar portfeli asosida eng muhim soha va tarmoqlarda yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni baholashda davom etmoqda.

AUIC o‘zining barcha investitsiyaviy tashabbuslarida barqaror rivojlanish, strategik muvofiqlik va uzoq muddatli ta’sir tamoyillariga tayanadi. Kompaniya nafaqat moliyaviy foyda ko‘rish, balki mintaqaning inklyuziv rivojlanishi, innovatsiyalar joriy etilishini rag‘batlantirish, shuningdek O‘zbekiston, Ozarbayjon va butun mintaqada iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashga intiladi.

Aziza Alimova, UzA.