O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 25 iyuldagi «Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ijro intizomi yuzasidan jamoatchilikka hisobot berish tartibi yo‘lga qo‘yildi.
Farmon ijrosi doirasida Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan ilmiy-pedagogik jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.Yusupov tashkilotga berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Ijro intizomi bo‘yicha bevosita birinchi rahbar huzurida mas’ul xodimlarning har ish kunida hisobot berishi, hafta yakuni bo‘yicha ijro intizomi umumiy muhokama qilinishi va oy yakuni bo‘yicha OAK Rayosatida ma’lumot berilishi tizimli ravishda tashkil etilganini bildirdi.
Joriy yilning uchinchi choragi bo‘yicha OAK faoliyatiga doir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmoni va 2 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 1 ta qarori, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari o‘rtasida imzolangan Bitim hamda Hukumat topshirig‘i bo‘yicha 1 ta bayonda belgilangan topshiriqlar ijrosi to‘liq ta’minlangani tegishli hujjatlar asosida ko‘rsatib o‘tildi.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, joriy yilning birinchi va ikkinchi choraklari bo‘yicha ijro intizomi to‘liq ta’minlangan.
N.Usmonova,
O‘zA