Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis tuman aholisiga suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazilmoqda
10:39 / 2025-08-13

Navoiy viloyatining eng chekka va cho‘l hududi hisoblanmish Tomdi tumani aholisi maishiy turmushda suyultirilgan gazdan foydalanib keladi.Bu yerda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 2371 tani tashkil etadi. Hududdagi ayrim ovul fuqarolar yig‘inlari tuman markazidan 100-250 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shunga qaramay, tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan reja-jadval asosida kechiktirilmay maishiy gaz ballonlari yetkazilmoqda.

– “Shiyeli” ovulimiz Qozog‘iston bilan chegaradosh hududda joylashgan, – deydi tuman gaz ta’minoti idorasi suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Rustam Ro‘ziyev. – “Aya-quduq” ovuliga borish uchun esa tuman markazidan qariyb 250 kilometr yo‘l bosish kerak. Bir kunda ikki tonnadan ortiqroq suyultirilgan gaz iste’molchilarga yetkaziladi. Olis hududlarga esa ikki-uch kunda iste’molchilarga maishiy gaz ballon yetkazamiz. Shu bilan birga gaz ballondan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish bo‘yicha tavsiyalar beramiz. 

Tomdi tumanida sakkizta ovul fuqarolar yig‘ini aholisiga maishiy gaz ballonlar yetkaziladi. Shulardan yana biri “Suvkette” ovuli bo‘lib, bu yerda iste’molchilar soni nisbatan kam, ya’ni 175 tani tashkil etadi. Ovuldagilar gaz ta’minotida uzilish yo‘qligidan mamnun. 

– Har qanday ob-havo sharoitida ham gazchilar maishiy gaz ballonlarini yetkazib berishadi, – deydi Gabit Qanatbayev. – Bundan xursandmiz. Oilamiz tinch, ovqatimiz tayyor, choyimiz qaynagan. Yozning issiq kunlarida ham uzilish bo‘lgani yo‘q. Biror murojaatimiz bo‘lganda ham gaz ta’minoti xodimlari ijobiy hal qilib berishmoqda. ID karta orqali suyultirilgan gaz to‘lovini amalga oshirib kelyapmiz. 

Iste’molchilarga avgust oyining shu kuniga qadar 10,5 tonnadan ortiqroq suyultirilgan gaz yetkazib berildi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri