Bir paytlar mahalla idorasidan bittagina ma’lumotnoma olish uchun qancha ovoragarchilik bo‘lardi. Esimda, poytaxtdagi nufuzli universitetning tayyorlov kursida o‘qiyotganimda talabalar shaharchasiga vaqtinchalik ro‘yxatga kirishim uchun yashash joyidan ma’lumotnoma so‘rashgan. Shunda poytaxtdan Qarshiga kelib, kotibasiga to‘rt-besh so‘m “qistirib” (izoh: bu pul blanka- qog‘oz uchun deyilgan) ma’lumotnomani yozdirib, raisni izlab topib, pechat qo‘ydirib qaytganman...
Lekin bugun vaziyat o‘zgardi. Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishni boshladi. Bir necha yuzlab turdagi davlat xizmatlari elektron ko‘rinishda ham ko‘rsatilmoqda. Hozir qandaydir ma’lumotnoma olish uchun davlat idorasi eshigi oldida sarg‘ayib o‘tirishga hojat qolmadi. Xonada o‘tirgan holda ham bemalol olish mumkin.
Yaqinda Dehqonobod tuman adliya bo‘limi vakillari bilan birga hududning tog‘li qishloqlarini aylanib, bir nechta fuqarolarga nikoh va tug‘ilganlik guvohnomalarini topshirib keldik.
Mashaqqatli, baland- past tog‘ yo‘li. Texnika qiyinchilik bilan yuqoriga o‘rmalaydi. Boradigan manzilimiz tuman markazidan salkam 200 kilometr uzoqlikdagi Tersoqar qishlog‘i edi. Tosh yo‘llar harakatimizni qiyinlashtiradi. Ayniqsa, adliya bo‘limining sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatishga mo‘ljallangan “Damas” mashinasi tog‘ yo‘llarida qiynaladi.
Nihoyat aytilgan manzilga yetib bordik. Shu qishloqlik Obid Rahimovning xonadonidamiz. Yoshgina yigit taqdir taqozosi bilan, jahl ustida jinoyatga qo‘l urib, ma’lum vaqt panjara ortida jazo o‘tab qaytishiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda endigina uylangan qahramonimiz sharoit taqozosi bilan nikohini qonuniylashtirishga ham ulgurmagan edi. Uyga qaytganida farzandi tug‘ilgan, ammo unga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ham berilmadi. Yo‘l mashaqqati, ancha payt qarovsiz qolgan ro‘zg‘or, turmush tashvishlari ushbu hujjatlarni olishga monelik qilayotgandi. Lekin tuman adliya bo‘limining tashabbusi bilan respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi doirasida o‘tkazilgan xatlovga Obid Rahimov ham kiritildi va mutasaddilarning ishtirokida turmush o‘rtog‘i ikkisiga nikoh, farzandiga esa tug‘ilganlik guvohnomasi sayyor tartibda topshirildi.
– Ozgina anglashilmovchilik sabab ozodlikdan mahrum etildim va oilam bag‘ridan uzoqda qoldim, – deydi O.Rahimov. – Mana qorong‘u kunlar ham ortda qoldi. Ochig‘i, farzandimni uyga qaytgach ko‘rdim. Uning shirin tabassumini hech narsaga alishmayman. Lekin nikoh guvohnomamiz ham, farzandimning tug‘ilganlik guvohnomasi ham yo‘q edi. Tuman adliya bo‘lim vakillari baraka topishsin, muammomizni tez fursatda hal qilib berishdi. Ularning o‘zi uyimizga kelib, hujjatlarni topishdi. Bundan ayolim ham, men ham juda minnatdormiz.
[gallery-15982]
Tuman fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi, Ichki ishlar hamda tuman adliya bo‘limlari mas’ullarining olis hududlarda fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashuvlari nafaqat ularning murojaatlariga yechim topilishiga, balki uzog‘ining yaqin bo‘lishiga ham xizmat qilmoqda.
Xuddi shunday tumanning Dehqonobod mahallasida yashovchi 92 yoshni Uldon momo Qurbonsaidovaning ham tug‘ilganlik guvohnomasi bilan bog‘liq muammo tufayli pensiyasi to‘xtatib qo‘yilgan edi. Muammo tuman FHDYO bo‘limi tomonidan qisqa fursatlarda hal qilib berildi.
–- O‘tgan yili dekabr oyidan pensiyamni to‘xtatib qo‘yishdi, – deydi Uldon momo Qurbonsaidova. –- Guvohnomang yo‘q, deyishdi. Guvohnomamning aslini ham obordim. Baribir ishim bitmagach, tuman FHDYO bo‘limiga murojaat qildim, ikki kunda muammom hal bo‘ldi. Mana, bugun o‘zlari uyimga olib kelib hujjatimni topshirishdi.
– Hozirgi kunda Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi doirasi tumandagi xatlovdan o‘tkazilgan fuqarolarga hujjatlari tayyorlanib, ko‘pchiligiga sayyor tartibda topshirilmoqda, – deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Ubaydullo Aliboyev. – Fuqaro Qurbonsaidova Uldon momoning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi tuman FHDYO organi arxivida qayd etilmagan. Guvohnoma elektron bazada chiqmaganligi sababli ushbu fuqaroning yoshga doir pensiyasi to‘xtab qolgan. Shu sababli murojaati o‘rganib chiqildi. So‘ng guvohnomasi yangidan tayyorlandi. Arxiv hujjati qaytadan tiklandi. Fuqaroning bugungi kundagi murojaatiga asosan to‘lanmay qolgan pensiya pullari joriy yilning mart oyida to‘lanishi belgilandi.
Albatta, muammolarni uyma -uy o‘rganish va ularga yechim topish ijobiy natija bermasdan qolmaydi. Bugun olis hududlarga qadar kirib borayotgan davlat xizmatlari, huquqiy targ‘ibot ishlari tog‘liklarda ham ijobiy taassurotlar qoldirmoqda.
– O‘tgan 2022-2023 yillar davomida tuman markazidan uzoqda bo‘lgan hududlardagi hujjati bo‘lmagan 200 nafardan ortiq fuqaroga nikohni qayd etish, tug‘ilganlik, vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomalar topshirganmiz,– deydi tuman FHDYO rahbari Ozoda Ashurova. – Shularning asosiy qismi sayyor tartibda topshirilgan. Bugungi kunda Adliya vazirligining “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi doirasida ham tuman Adliya bo‘limi, Yuridik markaz, Davlat xizmatlari markazi, FHDYO bo‘limlari birgalikda sayyor tartibda mahallalarda xatlov o‘tkazib, hujjatlar sayyor tartibda topshirilmoqda. Masalan, tumanimiz tarqoq joylashgan. Eng yaqin mahallamiz 40-50 kilometr. Eng uzog‘i 250 kilometrgacha. Shu bois olis qishloqlarda haligacha shar’iy nikoh tufayli vaqtida tug‘ilganligi yoki vafot etganlik guvohnomalarini ololmayotgan fuqarolar aniqlanmoqda va hujjatlari qisqa fursatda tayyorlab berilmoqda.
To‘g‘ri, hududlarga chiqishda mashaqqatlar bo‘lmasdan qolmaydi. Biroq xalqning og‘irini yengil qilish, muammolarni joyiga borib o‘rganish bugungi islohotlardagi ustuvor jihatlardan biri hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, Qashqadaryo viloyatida joriy yilning 20 yanvaridan 20 mart kuniga qadar “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aksiya davomida 173 ta mahallada o‘tkazilgan xatlov natijasida 1 ming 540 nafar hujjatga ega bo‘lmagan fuqaro aniqlangan va 1 ming 135 nafariga tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berilgan. Xususan, Davlat xizmatlari markazlari orqali 300 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari