Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Ko‘hsor” MFYga qarashli Dehnavbolo, Aspiduxtar va Shut kabi qishloqlar tuman markazidan qariyb 100 kilometr uzoqlikda, purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan.
Dengiz sathidan qariyb 2,5 ming metr balandlikda joylashgan Dehnavbolo qishlog‘idagi 60-maktabda joylashgan 519-saylov uchastkasi erta tongdan saylovchilar bilan gavjum bo‘ldi.
Saylov uchastkasida saylovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, 728 nafar saylovchi ro‘yxatdan o‘tgan.
[gallery-20053]
– Saylovga kelib, munosib nomzodlarga ovoz berdim, – deydi 79 yoshli Muhibulloh Habibov. – Saylanadigan deputatlardan umidimiz katta. Qishlog‘imiz tumanning eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Shukrki, keyingi yillarda qishlog‘imizga ham islohotlar shamoli yetib keldi. Lekin hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Bu muammolarni hal etish uchun eng avvalo, saylanajak deputatlarimiz bilimli va salohiyatli bo‘lishi kerak. Byulletenlarga belgi qo‘yarkanman, avvalo shuni o‘ylab ish tutdim.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari