Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis tog‘li qishloqda birinchi bog‘cha ochildi
18:40 / 2024-09-13

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Ko‘l qishlog‘ida yashovchi Nasima Bahodirova bu yil to‘rtinchi bahorini qarshi oldi. U bugun qishloqdoshlari orasida birinchilardan bo‘lib, bog‘chaga qabul qilindi. Uning porlab turgan munchoq ko‘zlari, yuzidagi tabassumidan juda xursand ekanini anglash qiyin emas.

Tarixi 3 ming yilga borib taqaladigan Ko‘l qishlog‘i Shahrisabz tumani markazidan qariyb 90 kilometr uzoqlikda, qorli tog‘lar bag‘rida joylashgan. Mazkur qishloqning tabiati fusunkor, zilol suvli buloqlari mo‘l. Ammo qishloqning Nasima kabi bolajonlari shu kungacha maktabgacha ta’limdan bebahra edi. Haybatli tog‘lar bag‘ridagi qishloqda bunyodkorlik masalalari go‘yoki xayoliy bir orzu edi. 

Keyingi yillarda olis qishloqlarga qaratilayotgan e’tibor, u yerdagi aholining turmush tarzini yaxshilash yo‘lidagi islohotlar shabadasi Ko‘l qishlog‘iga ham yetib, dastlab zamonaviy umumta’lim maktabi, keyinroq tibbiyot muassasasi va nihoyat uzoq yillik orzular ro‘yobi bo‘lgan muhtasham bolalar bog‘chasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi muassasadagi shart-sharoitlar shahar bog‘chalaridan zarracha farq qilmaydi, keng va shinam xonalar bolalar ixtiyoriga berilgan. 

Bolajonlar uchun hayajonli lahzalar. Shu boisdan o‘yingohda ham o‘zlarini biroz hadik, ehtiyotkor tutmoqda. Qishloq tarixida birinchi bor tashkil etilgan mazkur muassasa bolalar kabi kattalarni ham hayajonga solmasdan qolmadi. 

[gallery-19259]

– Aholimiz Prezidentimizdan juda minnatdor. Boisi olis tog‘lar orasidagi bu kabi sharoitlarning yaratilishi haqida aytsangiz hech kim ishonmaydi, – deydi shu qishloqlik faxriy Nurullo bobo Safarov. – Bundan 5-10 yil avval qishlog‘imizni birov bilmasdi, tanimasdi. Qishda 6 oylab pastga tusha olmasdik. Yo‘llarni qor qoplab qolardi. Mana qarang, qishlog‘imizga keladigan yo‘llar tekislanib, asfalt qilindi. Qor tozalash uchun buldozer ajratildi. Ikki qavatli zamonaviy maktab, ikki qavatli zamonaviy bog‘cha, ikki qavatli qishloq vrachlik punkti qurib berildi. Kerakli jihozlar bilan ta’minlandi. Avvallari uzoqdagi qarindosh urug‘, oshna og‘aynilarimiz faqat yoz paytlaridagina bir ikki kelib ketishardi. Zamonani qarang, hozir yil o‘n ikki oy qishlog‘imizdan mehmonlarning qadami uzilmaydi. Mana bunday zamonaviy bog‘cha qurilishini odamlarimiz faqatgina xayol qilardi. Bugun o‘sha amalga oshmaydi baribir, degan xayollarimiz ro‘yobga chiqdi. Bo‘layotgan bu kabi bunyodkorlik ishlarini ko‘rib faqatgina shukrona keltirishimiz kerak. Yurtimiz hamisha tinch va hayotimiz farovon bo‘lsin. Mustaqilligimizga ko‘z tegmasin. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ajratilgan 4,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilgan 2 qavatli, 120 o‘rinli mazkur muassasa qishloqqa alohida zeb berdi, deydi biz bilan suhbatda odamlar mamnunlik bilan. 

Muassasaning tantanali ochilish marosimi ham hayajonlarsiz o‘tmadi. Ilk bor bog‘cha hovlisiga qadam qo‘yayotgan bolalardan tortib, bolasini shu muassasaga berishga ishtiyoqmand ota-onalar ham bu yangilikni katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Bir so‘z bilan aytganda mustaqilligimizning 33 yilligi ko‘lliklar hayotida unutilmas sahifalar ochib, kelajakka bo‘lgan umidini yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda. 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari