Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis shaharlarning yaqin hamkorligi mamlakatlar taraqqiyotiga xizmat qiladi (+video)
17:08 / 2025-07-08

Bugun diplomatiyaning rasmiy bo‘lmagan shunday shakllari rivojlanmoqdaki, ular ham mamlakatlar taraqqiyotiga har tomonlama xizmat qilmoqda. Xalq diplomatiyasi, birodarlashgan shaharlar atamalari tilimiz uchun yangilik bo‘lmay qoldi.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar tajribasida shaharlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga alohida e’tibor qaratiladi. Bunday aloqalar xalqaro miqyosdagi barqarorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

SHHTning keyingi uchta – Dushanbe, Samarqand va Dehli sammitlari yakuniy hujjatlarida Markaziy Osiyo tashkilotning asosi bo‘lib qolayotgani qayd etilgan. Mintaqa davlatlarining taraqqiyot va tinchlikni ta’minlash, barqaror rivojlanish hamda yaxshi qo‘shnichilik, do‘stona muhit makonini barpo etish bo‘yicha sa’y-harakatlari qo‘llab-quvvatlangan edi. SHHT bu maqsad va tamoyillar yo‘lidan bormoqda.

Avval xabar berganimizdek, Xitoyda Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti oldidan muhim tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. 

Mamlakatning eng yirik sanoat va logistika markazlaridan biri hisoblangan – Tyanszin shahrida “Jahon merlari muloqoti – SHHT sammitlari shaharlari” tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirda shaharlar merlari, Xitoydagi diplomatik korpus vakillari, tahliliy markazlar ekspertlari, yetakchi tarmoq kompaniyalari rahbarlari va jurnalistlar ishtirok etmoqda. 

Tashkil etilgan seminar va davra suhbatlari, ekspertlar tahlillarida SHHT bugun katta oilaga aylangani alohida ta’kidlandi. Tashkilotga a’zo mamlakatlar shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik mintaqalar taraqqiyotiga xizmat qilishi qayd etildi.

Global sharoitdan kelib chiqib, infratuzilma bo‘yicha o‘zaro bog‘liqlik, “yashil” iqtisodiyot, investitsiya va gumanitar almashinuv kabi sohalarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Xitoy oliy ta’lim dargohlarida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar, mamlakatimiz tahlil markazlari ekspertlarining chiqishlari tadbir ishtirokchilari e’tiborini tortdi.

Mamlakatimiz vakillari yetti-sakkiz yil oldin O‘zbekiston tomonidan mintaqadagi davlatlar bilan birgalikda boshlab berilgan yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik aloqalariga alohida to‘xtaldi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida mintaqada barqarorlik mustahkamlandi, savdo hajmi ortib, investitsiya bo‘yicha hamkorlik va gumanitar almashinuv jadallashdi.

SHHTning biznes hamjamiyati, xususan, Ishbilarmonlar kengashi hamda transport, energetika, raqamli va “yashil” iqtisodiyot sohalaridagi tarmoq yig‘ilishlarida kuzatuvchi davlatlar hamda muloqot bo‘yicha hamkorlarning ishtirokini kengaytirish lozimligi qayd etildi. Hududiy hamkorlik forumlarini o‘tkazish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. 

Muloqotlarning navbatdagi qismi madaniy-ma’rifiy tadbir va ko‘rgazmalar bilan davom etdi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/csvFD35m8vo" title="Olis shaharlarning yaqin hamkorligi mamlakatlar taraqqiyotiga xizmat qiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Ikrom AVVALBOEV, Yoqubjon MELIBOEV (video), O‘zA

Xitoy, Tyanszin shahri