English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis qishloqlar obod bo‘lmoqda
14:20 / 2022-08-26

Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz

– Qishlog‘imiz yo‘lida yurib bo‘lmaydi, yozda – chang, tuproq, yog‘incharchilik boshlansa – loy. Yo‘limizni sozlab bering!

– O‘tgan asrning 70 yillarida qishlog‘imizga elektr energiyasi kelgan, o‘sha paytda qurilgan transformator va simyog‘ochlardan foydalanamiz. Afsuski, ularning aksariyati muddatini o‘tab, yaroqsiz bo‘lib qoldi. Yangilash kerak.

– Bolalarimiz 10 kilometrgacha yo‘l bosib maktabga borishiga to‘g‘ri keladi. Bahor va kuzda bir amallab borib kelishadi, lekin qishda juda qiyin-da. Farzandlarimizni maktabga yuborib, biz ota-onalar yurak hovuchlab o‘tiramiz eson-omon borib kelsin, deb. Maktab qurib beringlar yoki transport qatnovini yo‘lga qo‘yishda yordam bering!

– Artezian quduqlarimiz ishdan chiqqan, o‘zimiz qazib olgan quduqlardan suv ichamiz. Ichimlik suv tarmoqlari yangilansa, degandik...

Bu – Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov fuqarolarning murojaatlarini joyida o‘rganish, aholi turmush tarzi bilan tanishish maqsadida iyul oyi o‘rtalarida Payariq tumanining eng chekka, viloyat markazidan qariyb 100 kilometr olisdagi G‘allakor mahallasida o‘tkazgan uchrashuvida bildirilgan fikrlar, odamlarning arzi.

Mazkur mahalla va hududdagi boshqa aholi punktlari vakillarining murojaatlarini hokim hamda viloyat va tuman mas’ullari eshitib, har bir masala yuzasidan chora-tadbirlar belgilangandi. Murojaatlar ijrosi bir oydan keyin o‘rganilishi aytilgan edi.

[gallery-8506]

Xo‘sh, uchrashuvdan so‘ng g‘allakorliklar hayotida nima o‘zgardi? Muammolar hal etildimi?

Shu va boshqa savollarga javob izlab G‘allakorga yo‘l oldik. Bir oy oldin tizzagacha tuproq, ulov yursa atrofni chang qoplaydigan yo‘llarga tosh-shag‘al to‘shalibdi, qishloq ichi asfalt qilingan. Tog‘lar orasidagi qishloqlarga ham avtomashina va boshqa transport vositalarida bemalol borish mumkin, shinani tosh teshishi mumkin, tuproq yoki loyda botib qoladi, degan xavotir yo‘q.

Aholi yashash manzillariga yaqinlashishingiz bilan keng ko‘lamdagi qurilish, obodonlashtirish ishlariga guvoh bo‘ladi. Yo‘lsozlar so‘nggi yumushlarni bajarayotgan bo‘lsa, katta yuk mashinalarida keltirilgan temirbeton ustunlar peshma-tesh o‘rnatilib, yangi elektr tarmog‘i tortilmoqda. Suvchilar ishdan chiqqan inshootlarni yangilashga kirishgan. Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari egalari ham bu ishlardan chetda qolmagan, o‘zi ishlaydigan maskanni obod qilib qo‘yishga harakat boshlagan. Bog‘cha, maktab ham mahallaning yangicha qiyofasiga moslashtirilmoqda.

Mahalla raisini fuqarolar yig‘ini uchun yangi qurilayotgan bino hasharida uchratdik.

– Xush kelibsizlar! Bir oydan buyon mahallamizda ana shu kun – hayot qaynayapti-da – deydi G‘allakor mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahrulla Shakarov. – Ochig‘i, bizning qishlog‘imiz ham “Obod qishloq” dasturiga kiritilarmikan, muammolarimiz hal bo‘larmikan, degan umidda viloyat hokimiga murojaat qilgan edik. Keyingi yillarda dasturga kiritilib, ishlar boshlansa ham katta gap, deb o‘ylagandik. Hokimimiz qishlog‘imizga bira to‘la mas’ullarni ham boshlab kelgan ekan, uchrashuvdan keyinoq ishlar boshlandi-ku. Viloyat Xalq qabulxonasi rahbari shu yerga kelib oldi. Murojaatlar asosida chora-tadbirlar belgilangandi, har birini so‘rab, nazorat qilib turdi. Tumanimiz hokimi ham kunda, kunora kelib ishlarning borishini o‘rgandi. Mana, natijani ko‘rib turibsiz, bir oyga yetmay ko‘p masalalarimiz hal bo‘ldi. Yo‘ldan yurib kelyapsizlar, umuman tosh to‘shalmagan ko‘chalarimiz asfalt bo‘lib qoldi. Buloqboshi qishlog‘idagi 1 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi. Shu qishloqqacha bo‘lgan 6 kilometr tuproq yo‘lga tosh-shag‘al to‘shaldi. Turkmanovulda ham 2 kilometr tuproq yo‘l ta’mirlandi.

Rais bilan birga mahalla ko‘chalaridan yurib amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdik. Hududda olib borilayotgan ishlardan ruhlangan aholi ham o‘z xonadoni atrofini saranjom-sarishta, obod qilishga intilmoqda. Birov uyini ta’mirlayapti, boshqasi devorini suvoq qilmoqda, hovli chetidan beton yo‘lak qilayotganlar ham ko‘pchilik. 

– Turkmanovul qishlog‘ida 2 ta, Alanguz va Yo‘g‘ontayoq qishloqlarida bittadan yangi transformator o‘rnatildi, yana ikkitasi endi keltirilyapti, – deya so‘zida davom etadi mahalla raisi. – Pastkiovul, Markaz va Yo‘g‘ontayoq qishloqlarida 25 donadan, Qizil quloq va Buloqboshida 20 donadan, Quduqchada 17 dona, umuman, mahallamizda shu paytgacha 158 dona yaroqsiz holga kelib qolgan sim yog‘ochlar beton ustunlarga almashtirildi. Pastkiovuldagi ishlamay turgan suv inshooti ta’mirlanib, suv chiqarildi. Mahallamizga kirishda va markazda tungi chiroqlar ham o‘rnatildiki, kechasi ham xuddi kunduzdek, shahar ko‘chalarida yurgandek his qilasiz o‘zingizni. Yana bir katta yangilikni aytaymi – Buloqboshi qishlog‘imizga 13 kilometr masofada optik tolali tarmoq tortildi. Endi internet muammo bo‘lmaydi. Odamlar uyiga tarmoq tortib olyapti, Wi-Fi o‘rnatyapti. Mobil aloqa sifatini yaxshilash uchun antena o‘rnatish ishlari ham boshlangan. 36-maktab filiali binosi ta’mirlanib, yangi o‘quv yiliga taxt qilib qo‘yildi. Eng muhimi, ana shu maktabga bolalarimiz borishi uchun avtobus ajratildi. Viloyat hokimidan shu masalada yordam so‘raganimizda, maktab uchun alohida avtobus beramiz, deganida, to‘g‘risi, ko‘pchilik ishonmagandi. Endi esa bu gaplar amalga oshib turibdi-da. Bu o‘zgarishlardan mahalladoshlarimiz kayfiyati chog‘, o‘zgacha g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilishmoqda. Ertangi kundan umidlari katta. Ha, aytganday, mahallamiz uchun ham yangi bino quryapmiz, asosiy ishlar yakuniga yetib qoldi. Nasib etsa, keyingi gal kelganlaringizda yangi binomizda kutib olamiz.

Mahallaning pasportiga ko‘z yugurtiramiz. 11 ming 500 gektar hududga ega G‘allakor sakkiz qishloqdan iborat ekan, Payariqning eng katta mahallaridan biri. 1040 dan ortiq xonadonda 7 mingga yaqin aholi yashaydi. E’tibor bering, shuncha aholi orasidan 7 tagina oila kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatda turarkan. “Temir daftar”da ro‘yxatga olingan oilalar 5 ta, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar 1 nafar. “Ayollar daftari”da qayd etilganlar nisbatan ko‘proq – 77 nafar. Lekin, baribir, bu raqamlar g‘allakorlarning mehnatkash, ro‘zg‘orini obod qilish uchun o‘zi harakat qilishidan dalolat beradi. Aholi asosan, chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. 26 fermer xo‘jaligida mehnat qiluvchilardan tashqari, mavsumiy ishlarda ishlovchilar ham ko‘pchilik.

Nima uchun bu ma’lumotlarni keltiryapmiz? Demoqchimizki, shuncha aholi ayni vaqtgacha olis bir qishloqda shuncha muammolar girdobida, ertangi kundan umid qilib yashagan. Prezidentimiz rahbarlarni eng quyi tizimda, odamlar orasida yurib, mahallabay, xonadonbay ishlashga da’vat etishi, mamlakatimizning ijtimoiy siyosati ushbu tamoyilga asoslangani tufayli ularni yillar davomida qiynab kelgan masalalar qisqa fursatlarda hal etilmoqda. 

Bo‘lar ekan-ku. Bir necha yillik muammolarga bir necha oylarda yechim topish imkoniyati bor ekan-ku. Mahalla aholisi bilan suhbatlashganimizda qayta-qayta aytilgan so‘zlar shu bo‘ldi. Rostdan ham rahbarlarning olis qishloqlargacha kirib borishi, odamlarni tinglashi natijasiz, beiz ketmayapti. Mana davlat rahbari qo‘yayotgan talabning mohiyati, mana inson qadri uchun tamoyilining amaliy ifodasi.

– Besh nafar farzandimning 4 nafari maktabga boradi, – deydi Sevara Xudoyorova. – Maktab uzoqligi sababli topgan pulimiz bolalarning poyabzaliga sarflanardi. Shuning uchun viloyat hokimiga ushbu muammo haqida aytib yordam so‘ragandik. Xudoga shukr, yangi o‘quv yilidan bolalarimiz maktabga avtobusda qatnaydi.

Ha, darvoqe, Payariqda (yurtimizning boshqa hududlarida ham) G‘allakor singari olis mahallalar kam emas. Birgina shu hududning o‘zida bir necha ming aholi yashayotgan Nakurt va Ko‘lto‘sin mahallalari ham borki, G‘allakorda boshlangan ishlar bu qishloqlarda ham davom etmoqda, hududlar inftratuzilmasi yaxshilanib, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratilmoqda. 

         G‘olib HASANOV, 

O‘zA