Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis qishloqdagi “IT shaharcha”
19:25 / 2025-12-03

Samarqand viloyatining eng chekka qishloqlaridan biri – Qo‘shrabot tumanidagi Chimmos mahallasida yoshlarga zamonaviy axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘rgatish maqsadida “IT shaharcha” tashkil etilgan.

– Bunday markaz – “IT-Village” mamlakatimizda ilk bor 2022 yilda Nurobod tumanining Oqsoy mahallasida faoliyat boshlagan edi, – deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Xo‘jamberdiyev. – U yerda nafaqat ushbu mahalla, balki yaqin atrofdagi qishloqlarda yashovchi bolalarga ham IT texnologiyalar o‘rgatib kelinmoqda. Shuningdek, yoshlar ishtirokida axborot texnologiyalari bo‘yicha turli tanlovlar, musobaqalar o‘tkazib kelinmoqda. Ana shu tajriba asosida hamda davlatimiz rahbarining 2024 yil 15 maydagi qaroriga ko‘ra, bu yil viloyatimiz markazidan 150 kilometr olisdagi Chimmos mahallasida “IT shaharcha” tashkil etdik. 35 sotix maydonni egallagan maskan zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 70 nafarga yaqin yoshlar axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘rganishi mumkin.

[gallery-26541]

“IT shaharcha”da ta’lim jarayoni xorij tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilgan. 6 nafar mutaxassis 216 nafar yoshga dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi hamda ingliz va boshqa xorijiy tillarni bepul o‘rgatmoqda.

– Markazga o‘quvchilar 12 yoshdan qabul qilinadi va sinov muddatidan muvaffaqiyatli o‘tganlar kurslarga saralanadi,– deydi “IT shaharcha” ish boshqaruvchisi Jamshid Botirov. – Bugunga qadar 60 nafar o‘quvchi kompyuter savodxonligi kursini muvaffaqiyatli tugatdi va yil oxirigacha yana 50 nafardan ziyod bitiruvchiga sertifikat topshirish ko‘zda tutilgan.

– “IT shaharcha” ingliz tili kursida o‘qib, ikki oyda sertifikatga ega bo‘ldim, – deydi Qo‘shrabot tumanidagi 64-umumta’lim maktabi 11-sinf o‘quvchisi Shamshodbek Soliyev. – Maktabni bitirib, Toshkentdagi jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘qimoqchiman. Bu yerda olgan bilimlarim o‘qishga kirishda menga yordam berishiga ishonaman.

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, olis qishloqlardagi yoshlarning IT texnologiyalariga qiziqishini oshirish va iqtidorli bolalarni aniqlab, ularni o‘qitish maqsadida tashkil etilayotgan bunday markazlar samaradorligiga qarab boshqa hududlarda ham ochilishi ko‘zda tutilgan.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari