Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis qishloqdagi 500 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi
08:27 / 2022-05-12

Qo‘shrobot tumanidagi Chimmos mahallasi Samarqand viloyatining eng chekka aholi punktlaridan biri hisoblanadi. Viloyat markazidan 130 kilometr uzoqlikdagi mazkur hudud aholisi asosan chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Keyingi yillarda yurtimizda olis qishloqlar aholisi uchun qulay turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli ushbu mahalla ham obod bo‘ldi. Yo‘llar ta’mirlandi, kommunal xo‘jalikdagi muammolar bartaraf etildi. Yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti, bolalar sport maydonchalari tashkil qilinib, umumta’lim maktabi ta’mirlandi. Faqatgina ishsiz aholi bandligini ta’minlashda yirik sanoat korxonasi, ishlab chiqarish sub’ekti yo‘qligi muammo bo‘layotgan edi.

Bu muammoga “Sharq sanoat” konserni tomonidan yechim topildi. Mahallada “Zarafshon tekstil” tikuvchilik fabrikasining mamlakatimizdagi o‘n birinchi ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. Ushbu korxonani ishga tushirish uchun 38,5 milliard so‘m sarflandi. “Zarafshon textile” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ochilish marosimida viloyat hokimligi, sektorlar rahbarlari, xalq qabulxonasi vakillari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Davlatimiz rahbari 2018 yilda Oqdaryo tumanidagi tikuvchilik fabrikamiz faoliyati bilan tanishganida iqtisodi nisbatan og‘ir bo‘lgan Qo‘shrabot, Nurobod singari tumanlarda bu kabi trikotaj korxonalarini tashkil qilish zarurligini ta’kidlagan edi, – deydi “Sharq sanoat” konserni ta’sischisi Shavkat Sharipov. – Ana shu vazifalardan kelib chiqib Chimmosda 500 ishchi o‘rniga ega ushbu fabrika faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. O‘zimizning paxtachilik klasterimiz bor. Demoqchimanki, toladan tayyor mahsulotgacha o‘zimiz tayyorlaymiz va asosan, eksportga chiqaramiz. Bu yil shu paytgacha amalda bo‘lgan o‘zbek paxtasiga baykot bekor qilindi, mamlakatimizga GSP+ sertifikati berildi. Dunyoning 300 dan ortiq kompaniyasi mahsulotimizni xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Endi bu imkoniyatdan samarali foydalanishimiz kerak.

[gallery-7055]

Fabrikaga Yaponiyaning “JUKI” kompaniyasining zamonaviy tikuvchilik dastgohlari keltirib o‘rnatildi. Ishlab chiqarish jarayoniga turkiyalik mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, ular mahalliy aholiga tikuvchilik sirlarini o‘rgatmoqda. Yillik quvvati 3,5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari bo‘lgan korxona asosan eksport bilan shug‘ullanadi va bu orqali yiliga 8 million dollarga yaqin daromad olish mo‘ljallangan.

Yangi ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshlashi bilan qishloqning 500 nafar xotin-qizlari, asosan, “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlarida bo‘lgan ishsizlar doimiy ish bilan ta’minlandi.

– Bunday fabrikalarni televizorda ko‘rib, qaniydi biz ham shunday korxonalarda ishlasak, deb orzu qilar edik, – deydi Sarvinoz Boybo‘riyeva. – Mana bugun ana shu orzularimiz amalga oshib turibdi. Zamonaviy korxonada ishlayapmiz. Ishga kelib-ketishimiz uchun maxsus avtobus ajratilgan. Shu yerning o‘zida tushlik berishadi. Oylik maosh ham yaxshi ekan. Qishloqda shahardagidek sharoitda ishlayotganimizdan xursandmiz.

G‘.HASANOV,

O‘zA