Mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlari, qishloq va mahallalarida “Ma’naviyat festivali” doirasida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Jumladan, Jizzax viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan Mirzacho‘l tumani 2-sektor hududidagi eng chekka “Yangi dala” qishloq fuqarolar yig‘inida bayram tantanalari ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
– Xalqimizning ulkan jasorati va matonati bilan qo‘lga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi ko‘p ming yillik tariximizdagi hech qachon unutilmaydigan, qadr-qimmati va ahamiyati yillar, asrlar o‘tgani sayin tobora ortib boradigan buyuk tarixiy voqeadir, – deydi Jizzax viloyati prokurori I.Ergashxodjayev. – Mustaqil taraqqiyot yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettirish, barcha soha va tarmoqlar rivojini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida bugungi kunda yurtimizda millati, tili, diniy e’tiqodi, irqi va ijtimoiy holatidan qat’i nazar, har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan yangi jamiyat va davlat barpo etilayotganini alohida ta’kidlagan bo‘lardim.
Aynan milliy mustaqillik el-yurtimiz uchun jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, yangi yutuq va marralar zabt etilishining asosiy manbai bo‘lib kelmoqda.
Darvoqe, davlatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar O‘zbekistonning Qozog‘iston Respublikasi bilan chegara hududidagi “Yangi dala” QFYda ham keng nishonlandi.
[gallery-13332]
Qishloq ahliga ko‘tarinki ruh va xush kayfiyat ulashgan, xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami shodiyonalarida 1 ming 500 nafarga yaqin aholi, ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etdi.
Respublikamiz poytaxti va qo‘shni Qozog‘iston davlatidan kelgan taniqli san’atkor va estrada yulduzlari, qozoq milliy madaniy markazi qoshida tashkil etilgan badiiy havaskorlik hamda tumandagi ijrochi yoshlar tomonidan namoyish etilgan bayram konsertida yangragan kuy, qo‘shiq, lapar va raqslar tadbir ishtirokchilariga bayramona ruh, xush kayfiyat hadya etdi, keksayu yosh miriqib raqsga tushdi.
Olis, chekka, chegara hududidagi qishloqda o‘tgan bayram tadbiri yakunida tashkil etilgan mushakbozlik qatnashchilarga olam-olam zavq bag‘ishlagan bo‘lsa, nuroniy otaxon va onaxonlar tomonidan bugungi kunimizga shukronalik aytildi, yurtimizga tinchlik, mustaqil yurt moviy osmoniga musaffolik, xalqimizga farovonlik tilab duo qilindi.
Shu kabi bayram tadbirlari barcha qishloq va mahallalarda davom etmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA