Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis qishloq aholisi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi
12:20 / 2022-04-23

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Nurota tumani hokimligi hamkorligida “Yangiturmush” mahallasi, “Papanay” oilaviy shifokorlik punktida qishloq aholisi uchun bepul tibbiy ko‘rik xayriya aksiyasi tashkil etildi.

“Papanay” qishlog‘i tumanning eng chekka qishloqlaridan biri. Tuman markazidan qariyb 50 kilometr olisda joylashgan qishloq qo‘shni Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumaniga chegaradosh.

2017 yilda “Papanay” qishloq vrachlik punkti yopilgan edi. Ammo aholining murojaatlari, tumandan olis hudud ekanligi inobatga olinib, qaytadan oilaviy shifokorlik punkti sifatida faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tibbiyot maskani ta’miri uchun mahalliy byudjetdan 580 million so‘m mablag‘ sarflandi. Hozirda bu yerda 16 nafar tibbiyot xodimi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

“Papanay” oilaviy shifokorlik punktining ochilishida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq bugun, hattoki, eng chekka qishloqlarda ham shahar markazlaridagidan qolishmaydigan zamonaviy shifo maskanlari qad rostlayotgani, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini davr talablari darajasiga ko‘tarishga alohida e’tibor berilayotgan ta’kidlandi.

Tadbirda “Mahalla” jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan oilaviy shifokorlik punktiga “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining xayriya mablag‘lari hisobidan xarid qilingan 2 ta kompyuter jamlanmasi, bitta printer, bir dona sovutkich, bir dona muzlatkich va boshqa maishiy texnika vositalari topshirildi.

Xayriya aksiyasi doirasida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining oliy toifali shifokorlari tomonidan 500 nafarga yaqin qishloq aholisi qabul qilinib, ularga bepul tibbiy maslahat hamda davolanishlari uchun yo‘llanmalar berildi.

– Qishloqda 2200 dan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi qishloq faxriylaridan biri Murodillo Qarshiyev. – Qishlog‘imizda tibbiyot muassasasi bor, lekin foydalanishga yaroqsiz edi. Agar bizga shifokor kerak bo‘lsa tuman markaziga borib kelardik. Bu ayniqsa, keksa va yosh bolalar sog‘ligini nazorat qilish va davolanishlarida qiyinchilik va noqulayliklar tug‘dirardi. Mana bugun ushbu tibbiyot maskani yangidan ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Aksiya doirasida malakali shifokorlardan bepul tibbiy maslahatlar oldim.

Aksiya yakunida sog‘ligini tiklashga muxtoj bo‘lgan fuqarolarga mutaxassislar xulosasi va sektor rahbarlarining ma’lumotnomasi asosida xalq deputatlari tuman Kengashi qaroriga ko‘ra, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan dori-darmon vositalari va davolanishlari uchun mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA