-------
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati “Olis manzillar” loyihasi doirasida viloyatning eng chekka va olis qishloqlarida yashaydigan aholiga suyultirilgan gaz ballonlarining yetkazilishi, xizmatlar ko‘rsatish darajasini o‘rganmoqda. – O‘tgan qisqa davrda loyiha doirasida viloyatning Sariosiyo, Uzun va Boysun tumanlaridagi o‘nga yaqin tog‘li, eng olis mahallalarda bo‘lib, iste’molchilar bilan uchrashdik, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Aziz Mashrabov. – Ularning suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq fikrlarini eshitdik. Mutaxassislarimizning olis va chekka hududlardagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonini kuzatdik. Osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi ayrim qishloqlarga, ayniqsa, qish faslida gaz ballonlarini yetkazib berish mashaqqatlariga guvoh bo‘ldik.
Shu bahona viloyat markazidan juda olisda yashaydigan odamlarning bugungi hayot tarzi bilan ham tanishyapmiz. Olam keng, manzillar ko‘p, odamlar turfa. Yurt kezib, el tanib, fikr qilib yashashning zavqi o‘zgacha ekan. Manzil-u makonlar ichra shundaylari borki, u yerda bir kungina yashasangiz bas, odamlarining samimiy muomalasi va shukrona hissi sizga ham yuqqandek bo‘ladi. Shuuringizda allaqanday pozitiv, yengillik uyg‘onganini sezasiz. Boysun tumanidagi Shifo buloq mahallasi Qashqadaryo viloyati chegarasida Termiz shahridan 200 chaqirim olisda joylashgan. Mahallada 370 dan ortiq gaz iste’molchisi yashaydi. Loyiha ishtirokchilari va “Boysuntumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari mahallaga suyultirilgan gaz ballonlari yuklangan avtomashina bilan bordi.
Mahalliy aholining aytishicha, tog‘lar qo‘ynidagi bu go‘sha Shifobuloq, deb nomlanishining ramziy ma’nosi bor. Qishloqdagi buloq suvi qadimdan turli teri kasalliklariga shifoi-komil bo‘lib kelgan. Ana shu turdagi kasallikka chalingan insonlar buloq suvi yordamida dardiga malham topgan. – Qishloqqa Boysun tumani markazidan kelin bo‘lib tushganman, – deydi Bibisora momo Bobomurodova. – 70 yoshdaman. Dastlabki yillarda xonadonlar o‘rtasida devor yo‘qligi, ayollarning mehnatkashligi, qo‘ni-qo‘shnining bir-biriga oqibatidan hayratda qolganman. Endi barchasiga ko‘nikib ketdim. Ayniqsa, keyingi yillarda mahallamiz tubdan o‘zgarib, turmush sharoitimiz yaxshilandi. Masalan, yaqin yillargacha biz yoz faslida qish uchun o‘tin g‘amlardik. Mana endi suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlandik. Bunday bo‘lishini xayolimizga keltirmaganmiz. Barchasi uchun rahmat. Atrofi osmono‘par tog‘lar bilan o‘ralgan tumanda shunday mahallalar borki ko‘chalarida avtotransport vositasida yurishning o‘zi juda mushkul ish. Shu bois gaz idorasi xodimlari iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun maxsus aravalar tashkil etgan. Mazkur mahalla xonadonlariga ham gaz ballonlari ana shunday maxsus aravalar orqali yetkazib beriladi. – Har 35-40 kunda suyultirilgan gaz ballonlarimizni almashtirib turishadi, – deydi Gulxol Ismoilova. – Tag‘in ham aravada uyimizga keltirib, o‘rnatib qo‘yishadi. O‘qituvchi bo‘lib ishlayman.
Bundan besh-olti yil avval ishdan keyin tog‘u-soylardan o‘tin yig‘ishga ketardim. O‘tinni eshakka yuklab uyga olib kelar edim. Gaz, degani jonning rohati ekan. Ishdan horib kelsangiz bir zumda ovqatingiz pishadi, choyingiz qaynaydi. Inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan mamlakatimizda yoshu-keksaning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Bu jarayonda olis, chekka hududlarda yashayotgan yurtdoshlarimizga ham alohida e’tibor qaratilayotgani quvonarlidir. Tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari mahalla iste’molchilariga olib kelgan gaz ballonlarini tarqatib bo‘lgunicha olis, chekka manzilda yashayotgan odamlar bilan suhbatlashdik. Ularning turmush tarzi, yuz berayotgan o‘zgarishlarga munosabati bilan qiziqdik. – Gaz ballon ayniqsa, ayollarimiz uchun huzuri jon bo‘ldi, – deydi Abutolib Sheraliyev. – O‘choqqa o‘tin qalab, choy qaynatmaydi, ovqat pishirmaydi. Suyultirilgan gazni lip etkizib yoqib qo‘ysa bas, barchasi bir pasda muhayyo bo‘ladi. Bundan tashqari, xonadonlarimizga toza ichimlik suv quvurlarini ham tortib berishgan. Yo‘llarimiz yaxshilanmoqda. Xizmatlar ko‘rsatish yil sayin o‘sib bormoqda. Bu kabi obodlik va to‘kinlikka faqat shukrona aytish kerak. – Endi masalaning yana bir tomoni bor.
Har yili qancha dov-daraxt o‘tin uchun kesilmay, saqlab qolinayotganini aytmaysizmi, – deya gurungga qo‘shiladi Eshnazar Safarov. – Bundan besh-olti yil avval shaharga tushib qolsak, gapning to‘g‘risi ularga yaratilgan sharoitlarga havasimiz kelar edi. Gaz, suv bor, elektr energiya deyarli o‘chmaydi. Uyining yonginasida oziq-ovqatidan tortib, kiyim-kechagigacha bo‘lgan do‘kon. O‘shanda qachon bizning mahallada ham shunga o‘xshash sharoitlar yaratilar ekan, degan o‘yga tolardik. Mana, endilikda yashashimiz shaharnikidan qolishmay qoldi. Bu ishlarning tashabbuskori bo‘lgan Prezidentimizga rahmat. Ilohim, mamlakatimiz tinch, yurtimiz obod bo‘laversin. Loyiha doirasida gazchilar xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlarini o‘rnatib, sozligini nazoratdan o‘tkazdi. Xavfsiz foydalanish tartiblarini tushuntirdi. “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali mutasaddilari iste’molchilarning xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini tingladi. Qishloq oqsoqollari sifatli xizmat uchun fidoyi gaz xodimlariga minnatdorlik bildirdi. Duoga qo‘l ochib, yo‘llari oydin, bexatar bo‘lishini tiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri