French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis ovulda yashayotganlar holidan xabar olindi
17:02 / 2026-01-02

Buxoro viloyati Romitan tumani “Qizilravot” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 38-umumta’lim maktabi 100 o‘rinli bo‘lib, mazkur muassasa 1984 yilda qurilgan. Hozirda 54 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya oladi.

Ta’lim qozoq tilida olib boriladigan muassasada bugungi kunda 20 nafar pedagog faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, bu yerda 10 o‘ringa ega bolalar bog‘chasi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Viloyat hokimi Botir Zaripov maktab rahbariyati va tizim mas’ullari bilan suhbatlashib, mavjud muammolar bilan qiziqdi. Ularni hal qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi. 

Ayni kunda Qizilqum va Gugurtli aholi massivlari bilan qo‘shib hisoblaganda, “Qizilravot”da 135 ta xonadonda aksari qozoq millatiga mansub 800 ga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, yaroqsiz elektr tarmoqlari hamda transformatorlarini, simyog‘ochlarini beton ustunga yangilash, yo‘l qurilishi kabi ishlar bajarilib, hudud qiyofasi o‘zgardi. Davlat dasturi doirasida hududda Qizilravot hamda Qizilqum qishloqlari ichki ko‘chalari asfalt qilindi. Elektr ta’minoti yaxshilanib, transformatorlar yangilandi. Mavjud 12 ta ko‘chaga yoritish chiroqlari o‘rnatildi. 

Aynan “Obod qishloq” Davlat dasturi ijrosi doirasida 320 o‘rinli 39-umumta’lim maktabi 1 milliard 223 million so‘m miqdoridagi mablag‘ evaziga ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy qiyofaga kirdi. Bu yerda ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlar zamonaviy shart-sharoit yaratildi.

Aholining sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirish maqsadida kunlik 10 nafar bemor qatnoviga mo‘ljallangan “Qizilravot” qishloq vrachlik punkti 50 bemor qatnoviga moslab yangilandi. Uning “Qizilqum” va “Gugurtli” ambulator punktlari zarur uskuna va jihozlar bilan ta’minlandi.

Botir Zaripov dastlab mazkur muassasada bo‘lib, tarbiyalanuvchilarni maktab ta’limiga tayyorlash, bolalarni har tomonlama intellektual, jismoniy rivojlantirish borasida yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. “Mahalla yettiligi” bilan suhbatlashib, mavjud muammolarni o‘rgandi. 

Shundan so‘ng viloyat rahbari Mahalla fuqarolar yig‘ini, 39-umumta’lim maktabi va shifokorlik punktini ko‘zdan kechirdi. Aholi vakillari bilan muloqot qilib, ularning kundalik hayot tarzi qanday kechayotgani haqida so‘radi. 

Shu kuni qizilravotliklar uchun arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari ham tashkil etildi. Mutasaddilar hududdagi kam ta’minlangan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, nogironligi bor oilalar holidan ham xabar olishdi. Ularga oziq-ovqat mahsulotlari va yangi yil sovg‘alari ulashildi. Bemorlarning ahvolini yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.