Hozir mamlakatimizda bolalar tarbiyasi va ta’limida tashkil etilayotgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat muhim o‘rin tutmoqda. Bunday ta’lim tashkilotlarida bolalar yoshiga mos dasturlar asosida ta’lim-tarbiya ishlari olib boriladi.
O‘yin orqali o‘qitish, ijodiy mashg‘ulotlar, nutqni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va ma’naviy tarbiyaga alohida e’tibor qaratiladi. Eng muhimi, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ota-onalar uchun ham qulaylik yaratadi. Kam sonli guruhlar orqali har bir bolaga individual yondashuv ta’minlanadi. Ayniqsa, bu kabi ta’lim tashkilotlari olis hududlarda tashkil etilsa, qamrov darajasi oshishiga, ta’lim sifati yaxshilanishiga olib keladi.

Xususan, Bo‘ka tumanidagi eng olis mahallaridan biri Qo‘ldoshtepada ham ikki nafar tadbirkor tomonidan shunday oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Toshkent viloyati Prokuraturasi hamda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ko‘magi yordamida tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanayotgani ahamiyatlidir.

Tuman mas’ullarining ta’kidlashicha, Bo‘ka tumanida shu kungacha 114 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti (bog‘cha) mavjud bo‘lib, shundan 24 tasi Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 84 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 4 tasi davlat xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan bog‘chalardir.

Qo‘ldoshtepa mahallasida bugungi kungacha bolajonlar bog‘chasi yo‘q edi. Aholi farzandlarini olisda joylashgan bog‘chalarga olib borishga majbur bo‘lgan. Shuni inobatga olgan holda hududda aholiga qulaylik yaratildi. Endilikda hududdagi 100 nafar o‘g‘il-qiz ushbu bog‘chalarga qamrab olinadi.
A.Musayev, A. Alijonov (surat), O‘zA