Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis hududlarga maishiy gaz ballonlari yetkazilmoqda
10:45 / 2025-04-28

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 30 ming 224 nafar suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud. Ular orasida hududning tog‘li qismida yashaydigan aholi vakillari ham bor. Jumladan, Angidon mahallasi fuqarolari ayni shunday tog‘li, bahavo joyda yashaydi.

Mahallaga kirib borish uchun avvalo, dovondan oshish kerak. Tabiiyki, bu har qanday iqlim sharoitida haydovchilarga noqulaylik, biroz qiyinchilik tug‘diradi. Shunga qaramay, “Xatirchitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonida o‘z vaqtida reja-jadval asosida 35-45 kunda maishiy gaz ballonlar yetkazib berilmoqda. 

– Angidon mahallasida suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 429 tani tashkil etadi, – deydi tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Azim Hamdamov. – Tog‘li hudud, mashaqqatli yo‘l bo‘lishiga qaramay, kechiktirmagan holda mahalla ahliga o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlarni yetkazib kelyapmiz. Bundan aholi mamnun. Shu bilan birga maishiy gaz ballondan to‘g‘ri foydalanishga oid tavsiyalar berilib, eslatmalar tarqatyapmiz. 

– Mahallamiz juda chiroyli, salqin, tog‘u toshlar orasida joylashgan ko‘rkam manzillardan biri, – deydi mahalla raisi Mastura Shamsiyeva. – Hududimizda ekoturizm rivojlanmoqda. Shu bilan birga odamlarimizning kayfiyati ko‘tarinki. Chunki maishiy turmushda eng kerak bo‘ladigan gaz masalasidan ko‘nglimiz to‘q. Har 30-45 kunda tumangaz xodimlari o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlarini yetkazib bermoqda. Har qanday faslda maishiy gaz ballonidan uzilish bo‘lmaydi. To‘lovlari ham “ID” kartalar orqali amalga oshiriladi. 

Ma’lumki, maishiy gaz ballonlarni to‘g‘ri o‘rnatish ham xavfsizlikda muhim ahamiyatga ega. Olis tog‘li hudud bo‘lishiga qaramay, tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan aholiga maishiy gaz ballonlaridan xavfsiz foydalanish qoidalari tushuntirilib, zarur tavsiyalar berilmoqda. 

– Chekka va tog‘li joyda yashashimizga qaramay, maishiy gaz ballondan muammomiz bo‘lmagan, – deydi mahallada yashovchi iste’molchilardan biri Ramazon Baratov. – Uyimizda doim ovqat tayyorlash, choy qaynatishda suyultirilgan gazdan foydalanamiz. Yog‘in-sochinli kunlarda mahallamizga kirish va yurish mashinalar uchun oson emas. Shunday bo‘lsa-da yomg‘irli, qorli kunlarda ham muntazam ravishda maishiy gaz ballonlari yetkazib berilmoqda. 

Joriy yilning o‘tgan choragi davomida viloyat bo‘yicha 3891,8 tonna, Xatirchi tumani aholisiga esa qariyb 1024,2 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri