Hududlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, tadbirkorlarni ham tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z samarasini bermoqda.
Buni Buxoro viloyati Olot tumanida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Tumanda joriy yilda 282,2 milliard so‘mlik 36 ta hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, 414 yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Hozirga qadar tuman kesimida 13,3 milliard so‘mlik 12 ta investitsiya loyihalari ishga tushirildi. 43 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Sohaga yangicha yondashuv asosida olib borilayotgan ish tumandagi imkoniyatlar ko‘lamini yanada kengaytirdi.
– bugungi kunda tumanda investorlarni jalb qilishda barcha imkoniyatlar yaratilgan, – deydi tuman hokimi Nargiza Ne’matova. –Asosiysi tumanda to‘qimachilik sohasida investorlar jalb etilmoqda. Chunki bu soha tumanning drayveri hisoblanadi.
[gallery-8206]
Maqsad yangi ochilgan korxonalarda yoshlarni, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularning oilasidagi daromadini oshirishdan iborat. “Olot Asaka tekstil” MCHJ qurilmoqda. Joriy yil sentyabr oyida ishga tushadi. Bu korxonada mingta ish o‘rni yaratiladi. 1,5 AQSH dollarlik “Parvoz Xumo” MCHJ tomonidan 800 o‘rinlik tikuv fabrikasi ishga tushadi. Bunday korxonalarni ko‘plab misollarda keltirish mumkin. Mana shunday korxonalar uchun tumandagi kichik sanoat zonasidan joy ajratilgan.
Tumandagi har bir loyiha puxta ishlab chiqilib, kelgusida o‘zining yuksak samaralarini berishi ustida ish olib borilmoqda. Yaqin kunlar ichida yirik sanoat korxonasi ish boshlaydi. 1000 dan ortiq ishchi o‘rni yaratiladi, degan so‘zlar albatta mana shu islohotlar samarasidir. Eng muhimi, boshlangan xayrli tashabbuslar avvalo o‘sha hududdagi aholining farovon yashashi uchun ham mustahkam zamin hozirlamoqda.
Shuningdek, Olot tumani Arabxona MFY “Olot Haj Tekstil” MCHJ tomonidan un va tegirmon ishlab chiqarish loyihasi umumiy qiymati 106 milliard so‘mni tashkil qilib, bugungi kunda kunlik 150 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega. Ishlab chiqarish asbob-uskunalari Turkiya davlatidan olib kelingan. Korxona joriy yilda Qozog‘iston davlatidan 702 tonna bug‘doy importini amalga oshirgan va qayta ishlangan bug‘doy uni Afg‘oniston davlatiga 215 ming dollarga eksport qilingan. Korxonada 15 dan ortiq ishchi xodimlar faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, “Parvoz Quruvchi” MCHJ tomonidan paxta chigiti yog‘i ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi umumiy qiymati 3,1 million AQSH dollarni tashkil qiladi. Shundan bank krediti 2,5 million AQSH dollar, o‘z mablag‘i hisobidan 600 ming AQSH dollarga teng. Hozirda ushbu zavodda 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Korxona kuniga 20 tonna chigitni qayta ishlash imkoniga ega. Yillik quvvati 60 ming tonnani tashkil qilib, korxona 2021 yilda 708 ming AQSH dollar, joriy yilda 905 ming AQSH dollar eksportni amalga oshirgan. bugungi kunda korxona ichki bozorga sifatli va arzon paxta chigiti yog‘i bilan ta’minlab kelmoqda.
Bugun joylarda ishga tushirilayotgan yangi korxonalar eng so‘nggi va zamonaviy texnikalar bilan jihozlanayotgani ish unumini oshirmoqda. Qolaversa, mahsulotning sifat jihatdan yuqori bo‘lishi, xalqaro bozorda o‘z o‘rnini topishiga ham xizmat qilmoqda. Ilgari bir necha bosqichda paxtani qayta ishlash jarayonlari amalga oshirilgan bo‘lsa, bugun Qorako‘ldagi yana bir korxona tayyor mahsulot ishlab chiqarishda eng so‘nggi texnologiyalardan foydalanish evaziga yuqori natijalarga erishmoqda. “Qorako‘l Kumush Kalava” MCHJ tomonidan qiymati 39,1 milliard so‘mga teng bo‘lgan Xitoy davlatining zamonaviy asbob-uskunalari asosida yillik quvvati 8 million p.m to‘qima mato ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish loyihasini yo‘lga qo‘yish hisobiga qo‘shimcha 150 ta ish o‘rni yaratiladi.
– bugungi kunda klasterimiz yaxshi faoliyat olib bormoqda, – deydi “Qorako‘l Kumush Kalava” MCHJ rahbari Asror Mansurov. –Klasterimizda 500 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. To‘qimachilik korxonasi misolida aytadigan bo‘lsak, 300 dan oshiq xotin-qizlar mehnat qiladi. Asosiy faoliyatimiz ip-kalava va mato ishlab chiqarishdan iborat. Ishlab chiqargan mahsulotimizning 90 foizi eksportga yo‘naltirilgan. 4 million AQSH dollaridan ortiq eksportni amalga oshirdik. Asosan Rossiya, Turkiya, Belorus davlatlariga eksport qilinmoqda.
Yangi to‘qima mato ishlab chiqarish loyihasi asosida eksport hajmini yana 4 million AQSH dollariga ko‘paytirishni rejalashtirganmiz. Loyiha doirasida 150 ta ish o‘rni yaratiladi. Davlat rahbari tashabbusi bilan yaratilgan klaster tizimi paxta xom ashyosidan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi. Loyihalarimiz ham shunga qaratilgan bo‘lib, tola ishlab chiqarish, ip-kalava va mato, shuningdek, tayyor mahsulot ishlab chiqarishdan iborat. 2023 yildan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni boshlaymiz. Bu loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, 3 million AQSH dollariga yaqin eksportni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Klaster faoliyatida nafaqat fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar asosida ishlash, balki foydalanilmayotgan, oborotdan chiqqan yerlarni o‘zlashtirish, mahsulot hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalarimiz bor. Bugun klaster tizimidagi “Qorako‘l Kumush Kalava Agro” MCHJ 742 gektar yer o‘zlashtirishga kiritildi. U yerga paxta va ozuqabop ekinlar ekildi.
Viloyatning Qorako‘l tumanida ham ayni chog‘da ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Hududiy investitsiya dasturlari doirasida tumanda 2021-2022 yillarda sanoat yo‘nalishidagi loyihalarni ishga tushirish hisobiga import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tumanda 2021 yilda qiymati 60,5 milliard so‘mga teng hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga 281 ta yangi ish o‘rni yaratilgan edi. Joriy yilda birgina sanoat yo‘nalishida qiymati 231,7 milliard so‘mga teng bo‘lgan 17 ta loyihalarni amalga oshirish natijasida 537 nafar yangi ish o‘rni yaratilish nazarda tutilgan. Hozirga qadar 47,1 milliard so‘mga teng bo‘lgan 3 ta loyiha to‘liq quvvatda ishlay boshladi va 180 nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Bu Buxoroning olis Olot va Qorako‘l tumanidagi ezgu tashabbuslar samarasi. Aslida, viloyatning barcha hududlarida bu kabi yangilanishlar yurtdoshlarimizga mamnunlik bag‘ishlamoqda. Ularning turmush farovonligi yuksalishiga xizmat qilayotir.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA