Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis hududlarda gaz ta’minoti yaxshilandi
16:03 / 2022-11-04

Mamlakatimizda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida barcha sohalarda bo‘lgani kabi aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jihat “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali hamda uning tumanlardagi bo‘limlarida alohida ustuvorlik kasb etmoqda.

Viloyatning barcha hududlarida “Mahallabay” tizimi asosida ish olib borilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, olis va chekka manzillarda yashovchi iste’molchilarga suyultirilgan gazni o‘z vaqtida, belgilangan rejaga asosan yetkazib berilishi ta’minlanmoqda.

Pop tumanining Chodak boshi mahallasi viloyat markazidan 100-120, tuman markazidan esa 55-60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ushbu hududga ham “Poptumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan aholining maishiy ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazga to‘ldirilgan gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.

Mahalla faoli Imomali Usmonovning aytishicha, suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. To‘lovlar ham onlayn kartalar orqali amalga oshirilayotir. Shuningdek, gaz ballonlarini tarqatish davomida turli baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun undan foydalanganda xavfsizlik qoidalariga rioya etish lozimligi ham tizim xodimlari tomonidan tushuntirib o‘tilmoqda.

– Chodakboshida 213 nafar suyultirilgan gaz iste’molchisi bo‘lib, ulardagi maishiy gaz ballonlari soni 244 ta. Har 30-35 kunga bormay aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda, – deydi “Poptumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi rahbari To‘raxon Tojiyev. – Joriy yil boshidan buyon iste’molchilar 126,3 tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan bo‘lsa, bugunning o‘zida 220 dona maishiy gaz ballonida 4,4 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

“Imom ota” mahalla fuqarolar yig‘ini Popning tog‘li hududida joylashgan. Ushbu go‘shada 1044 nafar suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud. Tabiiy gaz yetib bormagan xonadonlarga 1193 dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berilgan. Mahalla ahliga yil boshidan buyon bir maromda suyuq gaz yetkazib berilmoqda. 

Iste’molchilar shu yilning o‘tgan davrigacha 28,7 tonna suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan bo‘lsa, noyabr oyining dastlabki kunlarida 220 dona maishiy gaz ballonida 4,4 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

Bunday amaliy sa’y-harakatlar aholi turmush darajasini ko‘tarish, odamlar duch kelayotgan muammolarni joyida hal qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish, asosiysi sovuq kunlarni talofotsiz o‘tkazib olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.