Ma’lumki, “Mamlakat platformasi” doirasida Suv resurslari, suv ta’minoti va sanitariya bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilgan. Ishchi guruhning asosiy vazifasi etib respublikada suv resurslarini boshqarish, ichimlik suv ta’minoti va oqova suv chiqarish sohasini rivojlantirish, jumladan, sohada davlat siyosati, moliyaviy barqarorlik va tarif siyosati, xususiy sektor va davlat-xususiy sherikchiligi, investitsiyalarni jalb etish, sohani institutsional rivojlantirish hamda imkoniyatlarni kengaytirish yo‘nalishlarini rivojlantirish belgilangan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur ishchi guruh faoliyati davomida erishilgan natijalar tahlil qilindi. Shuningdek, kelgusida amalga oshiriladigan rejalar belgilab olindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan bir qator xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilgan Suv kodeksi loyihasi taqdimot qilindi. Undagi yangi normalar, suv resurslarini samarali boshqarishdagi muhim jihatlar, ushbu kodeksning qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan ichimlik suv ta’minoti va oqova suv chiqarish sohasida davlat siyosatini yuritishda erishilgan natijalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, so‘nggi 7 yilda sohaga 1 milliard dollardan ziyod byudjet mablag‘lari ajratilib, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 63,9 foizdan 77,3 foizga yetkazildi. Ushbu ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, davlat byudjetidan ajratilgan 1,4 trillion so‘mga 755 km ichimlik va 262 km oqova suv tarmoqlari tortilishi hamda 78 ta ichimlik va 37 ta oqova suv inshootlari qurilib, aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 81 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Bundan tashqari olis hududlardagi aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalari asosida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining olis hududlaridagi 6 ta mahallada amalga oshirilgan qurilish ishlari natijasida 3 ming 727 ta xonadonda istiqomat qiluvchi 20 ming 56 nafar aholi ilk bor ichimlik suv bilan ta’minlandi.
Tadbir davomida aholi turmush tarzini rivojlantirishga ko‘maklashish Respublika “Taraqqiyot” jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda “Global Wash Initiative Fund” JTI SA bilan hamkorlikda O‘zbekistonning olis hududlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sanitariya loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Takashi Xatori, JTI kompaniyasi vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Taqdimot yakunida tadbir qatnashchilari Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi Soycha qishlog‘ini ichimlik suvi bilan ta’minlashni ramziy ravishda boshlab berdi.
–Ushbu loyiha doirasida 2024-2026-yillarda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarining olis hududlaridagi aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsad qilingan, – deydi Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Takashi Xatori. – Shu jumladan, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, mahalliy ichimlik suvi tizimlarini boshqarish va barqarorligini ta’minlash maqsadida ichimlik suvi tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ichimlik suvi, sanitariya, gigiyena ko‘nikmalarini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida qishloq aholisining bu boradagi salohiyatini oshirish uchun treninglar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Loyihani amalga oshirish uchun ayni paytga qadar mahalliy hokimliklar tomonidan Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi 84 ta qishloqning texnik ma’lumotlari taqdim etilishi va loyiha mezonlari asosida qishloqlarni tanlab olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. 42 ta qishloqda boshlang‘ich o‘rganish ishlari amalga oshirildi va loyihaning 2024 yilgi rejasi uchun 2 ta qishloq tanlab olindi.
– Men Yaponiyadan “JTI Global WASH” tashabbusi missiyasi bilan keldim, – deydi JTI kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Shigeaki Okamoto. – Besh yil oldin JTI da odamlarga ichimlik suvi yetkazib berish bo‘yicha ko‘maklashishni boshlaganmiz. Biz foydamizning bir qismini Farg‘ona vodiysining chekka qishloqlarida odamlarga ichimlik suvi va sanitariya xizmatlarini yetkazib berishga sarflashga qaror qildik. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorligimiz jamiyatning dolzarb muammolarini hal qilish uchun biznes va davlat resurslarini birlashtiruvchi davlat-xususiy sheriklikning namunasidir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ZxalRVwKlO4?si=2y1O9G6NK4dTcgej" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova,
Abror Sodiqov (video),
O‘zA