Uchquduq tumani Navoiy viloyatining eng olis hududlaridan biri sanaladi. bugungi kunda 9710 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud bo‘lib, 6763 nafariga suyultirilgan gaz gazgolder qurilmasi orqali, 2947 nafariga esa gaz ballonlari orqali yetkaziladi.
Aholi xonadonlari har oyda tasdiqlangan reja-grafik asosida suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Jumladan, 2022 yil davomida gazgolder qurilmasi orqali qariyb 1492,5 tonna, gaz ballonlar orqali 375,1 tonna suyultirilgan gaz iste’molchilarga yetkazib berildi.

2022 yil davomida tumandagi OFY va MFYda yashovchi 20 nafar fuqaroga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berish maqsadida ijara shartnomasi tuzildi.
- Hozirgi kunda suyultirilgan gaz ballonlardan foydalanuvchi iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida avtomatlashtirilgan “E-Gaz” dasturidan foydalanilib, xonadonlarga yetkazib berilgan gaz ballonlar uchun maxsus ID kartalar orqali to‘lovlar amalga oshirilib kelinmoqda, - deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali Axborot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – Shuningdek, tuman markazidagi mavjud 23 ta gazgolder uskunalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, qurilmalar bo‘yoqlandi. Havoning keskin sovib ketishi natijasida suyultirilgan gazning kondensat holatiga kelib qolishining oldini olish maqsadida “Issiqlik manbai” DUK Uchquduq filiali bilan shartnoma tuzilib, gazgolderlarga issiqlik tizimi o‘rnatildi. Natijada aholiga gaz bir maromda yetib borishi ta’minlanmoqda.

- Birgina joriy yilning fevral oyining shu kuniga qadar iste’molchilarga gazgolder qurilmasi orqali 149,3 tonna gaz yetkazib berildi, - deydi “Uchquduqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Shahboz Toshmurodov. - Gaz ballonlar orqali esa yetkazib berilgan suyultirilgan gaz hajmi 28,6 tonnani tashkil etdi. Gaz ballonlarni aholi xonadonlariga yetkazish uchun bitta maxsus avtomashina ajratilgan. Tumanning olis hududlariga ham kechiktirilmay suyultirilgan gaz ballon yetkazib berilishi ta’minlanib kelinmoqda.
“Kokayaz” va “Uzunquduq” ovul fuqarolar yig‘inlari tuman markazidan 170-200 kilometr uzoqlikda joylashgan. “Kokayaz” OFYda 14 ta aholi xonadoni mavjud bo‘lib, ularning barchasi suyultirilgan gazdan foydalanadi. “Uzunquduq”da esa 128 ta suyultirilgan gaz iste’molchisi bor.
- Ovulimizda kam sonli aholi istiqomat qiladi, - deydi “Kokayaz” OFYda yashovchi iste’molchilardan biri Gulmira Iskanderova. - Shunga qaramay, suyultirilgan gaz yetkazib berishda biror muammo bo‘lgani yo‘q. Ovulimiz tuman markazidan ancha olisda joylashgan bo‘lsa-da, har 30-35 kunda gaz ballonlari yetkazib berilyapti. Qishning sovuq kunlarida ham gazdan uzilish bo‘lmadi.
Tumanda ayni kunlarda ham reja-grafik asosida iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish ishlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA