French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis hududlar aholisi o‘z vaqtida suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda
19:05 / 2025-09-07

Uchquduq tumani Navoiy viloyatining eng olis va chekka hududi bo‘lib, viloyat markazidan qariyb 320 km uzoqlikda joylashgan.

Tumanda istiqomat qiluvchi aholi asosan suyultirilgan gazdan foydalanib keladi. Bu yerdagi jami 9830 ta iste’molchining 6850 tasiga golder orqali, 2980 tasiga esa maishiy gaz ballonlar orqali suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.

Tuman cho‘l hududida joylashgani, aholi punktlarining tarqoq va bir-biridan uzoqda joylashgani bois yozning jaziramasi, qishning qorli va qirovli kunlarida gaz ballon yetkazish oson emas. Shunga qaramay, tuman gaz ta’minoti idorasi xodimlari tomonidan maishiy gaz ballonlar har 35-40 kunda yetkazib berilmoqda.

– Tuman bo‘yicha 11 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘iniga suyultirilgan gaz yetkazib beramiz, – deydi “Uchquduqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Shahboz Toshmurodov. – O‘tgan avgust oyida iste’molchilarga qariyb 34,7 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Bir kunda 2-2,5 tonnagacha suyultirilgan gaz yetkazib berishni yo‘lga qo‘yganmiz.

Tumandagi Do‘stlik mahallasida 1135 ta suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, ularga maishiy gaz ballonlarda suyultirilgan gaz yetkaziladi.  

– Suyultirilgan gaz yetkazib berilishida uzilish bo‘lgani yo‘q, – deydi mazkur mahallada yashovchi fuqarolardan biri Zamira Sharipova. – Eng chekka hududlardan birida yashaymiz, lekin hozircha har doim uyimizda choy qaynamoqda, ovqatimiz tayyor. Buning uchun, albatta, gazchilarga rahmat. Har qanday ob-havoda ham bizni o‘ylab, vaqtida maishiy gaz ballonlarni yetkazib bermoqda.  

Gaz idorasi xodimlari tomonidan iste’molchilarga gaz ballon tarqatilishi bilan birga undan xavfsiz va oqilona foydalanish yuzasidan ham zarur eslatmalar berilmoqda. Xavfsizlik qoidalari tushuntirib o‘tilmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri