Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida "Salomatlik – tuman boylik" loyihasi doirasida olis hudud hisoblangan Yo‘ldoshobod mahallasi aholisining salomatligi, salomatlik ko‘rsatkichi yomonlashishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf omillarini erta bosqichlarda aniqlash, profilaktika qilish maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik jarayonlarida nafaqat tuman tibbiyot birlashmasining tor doiradagi mutaxassislari, balki viloyat davolash profilaktika muassasalarining kardiolog, ginekolog, endokrinolog, jarroh, oftalmolog, onkolog kabi mutaxassislari ham ishtirok etib, aholining salomatlik ko‘rsatkichi laborator va instrumental tarzda tekshiruvdan o‘tkazildi.
–O‘tkazilgan tibbiy ko‘rikka 3-salomatlik xavf guruhiga kiritilgan yurak- qon tomir kasalliklariga moyilligi bor, gipertoniya, qandli diabetning 2-turi bilan og‘rigan, onkologik va ovqat hazm qilish tizimi xastalangan fuqarolar, 4-salomatlik xavf guruhiga kiritilgan immun tizimi zaiflangan, respirator kasalliklar yoki infeksion kasalliklar sabab xavf ostida bo‘lgan, jismoniy imkoniyati cheklangan, ortiqcha vaznga, psixologik va psixiatriya muammolarga duch kelgan, yurak xastaliklari, siyrak kasalliklar, organlar anomaliyalari va boshqa og‘ir kasalliklar bilan davolanishga muhtoj bo‘lgan fuqarolar ham jalb etildi,–deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar Urolov.

Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida 721 nafar erkak va 768 nafar ayolning salomatlik ko‘rsatkichi o‘rganilgach, ularda 13 turdagi kasallik aniqlanib, shundan 163 nafariga ambulator, 23 nafariga statsionar sharoitda davolanish uchun tavsiya berildi.
–Yurak- qon-tomir va ovqat hazm qilish tizimi bilan bog‘liq xastaliklar ko‘pdan qiynab keladi,–deydi shu mahallalik Gulnora Ulug‘murodova.–Tuman markaziga boray desang, birinchidan, uzoqlik qiladi, ikkinchidan esa, uzoq masofaga borishga qurbim yetmaydi. Tuman tibbiyot birlashmasi tibbiyot xodimlari tomonidan mahallamiz hududida tashkil etilgan tibbiy ko‘rikka farzandlarim olib kelishdi. Bu ishlarning boshida turgan Prezidentimizga ming rahmat. Do‘xtirlar salomatligimni o‘rganib, tuman tibbiyot birlashmasida statsionar sharoitda davolanishim uchun yo‘llanma berishdi. Nasib bo‘lsa, sog‘lig‘imni tiklayman. Chunki hali qiladigan ishlarim ko‘p.

–Otamni olib kelgandim. Qandli diabetning 2-turi, gipertoniya kasalligi sababli bu yil qishda o‘zini anchagina oldirib qo‘ydi. Tekshirib ko‘rib, viloyat shifoxonasiga yo‘llanma, doimiy ravishda ichib yurishi uchun Reimbursatsiya dasturi doirasida bepul dori taqdim etishdi,–deydi Sirojiddin Mirzayev.
Xullas, "Salomatlik – tuman boylik" loyihasi doirasida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik davom etadi. Maqsad aholini tibbiyotga emas, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirishdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri