Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli maxsus jihozlangan avtobusda malakali tibbiyot xodimlaridan tashkil topgan guruh olis hududlardagi aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
“Kokpatas” mahalla fuqarolar yig‘ini Uchquduq tumani markazidan qariyb 30 kilomter uzoqda joylashgan.
– Tibbiy ko‘rikda 256 nafar turli yoshdagi mahalla aholisi qatnashdi, – deydi Uchquduq tumani 2-sektor mas’ul kotibi To‘xtamurod Nasrullayev. –Ularning 86 nafariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. “Ayollar daftari” da ro‘yxatda turgan 4 nafar ehtiyojmand xotin-qizga "Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Navoiy viloyati mintaqaviy filiali tomonidan bepul dori-darmon berilib, 5 nafar yotoqdagi bemorlar holidan xabar olindi. Shuningdek, 4 nafar bemorga davolanish uchun tegishli tibbiyot muassasalariga yo‘llanmalar berildi.
– bugungi tibbiy ko‘rik aholimiz uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi “Kokpatas” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jumaqul Ahmudov. – Chunki mahallamiz aholisi har doim ham chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish maqsadida viloyat markaziga boravermaydi. O‘zim ham anchadan beri ko‘rish qobiliyatim pasayganligi bois, gohida vaqtni qizg‘onib, gohida yo‘l azobini o‘ylab ko‘z shifokori qabuliga borolmayotgan edim. bugungi qabulda tekshiruvlardan o‘tdim.
Tibbiy ko‘rikda fuqarolar UZI, EKG va laboratoriya tahlillarini topshirib, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam xizmatlaridan foydalandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA