Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimpiyachilarimizning raqiblari o‘z safiga qaysi mashhur futbolchilarni qo‘shib olgan?
10:14 / 2024-07-17

Joriy yilning 24 iyulidan 9 avgustiga qadar «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlarining futbol bahslari o‘tkaziladi. Musobaqada 16 ta terma jamoa to‘rtta guruhga bo‘lingan holda raqobatlashadi. Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan terma jamoalar pley-offga chiqadi.

Olimpiya o‘yinlarining futbol bahslarida jamoalar asosan 23 yoshgacha futbolchilardan tarkib topgan bo‘lib, har bir terma jamoaga yoshi 23 dan katta bo‘lgan uch nafar charm to‘p ustalarini qo‘shib olish mumkin.   

Xabaringiz bor, futbolimiz tarixida ilk marotaba ushbu to‘rt yillikning eng yirik sport tadbirida Timur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston U23 terma jamoasi qatnashmoqda. Terma jamoamiz «S» guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, Ispaniya, Misr va Dominikan Respublikasi termalari bilan kuch sinashadi.   

Olimpiyachilarimiz musobaqadagi ilk uchrashuvini 24 iyul kuni «Park-de-Prens» stadionida Ispaniyaga qarshi o‘tkazsa, 27 iyulda Misr bilan raqobatlashadi. Guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin yana «Park-de-Prens» o‘yingohida Dominikan Respublikasi terma jamoasiga qarshi tashkil etiladi.   

Mazkur bahslarga Timur Kapadze boshchiligidagi murabbiylar shtabi termamiz safiga 23 yoshdan katta bo‘lgan uch nafar futbolchi – Eldor Shomurodov («Roma»), Husniddin Aliqulov («Rizespor») va Oston O‘runovni («Persepolis») qo‘shib oldi. Bu esa terma jamoamizning o‘yinlari yanada kuchayishini ta’minlashi shubhasiz.   

Shu o‘rinda, guruhimizdagi qolgan uch terma jamoa o‘z safiga qaysi yulduz futbolchilarni qo‘shib olgan?   

Dastlab Ispaniya olimpiya terma jamoasi tarkibiga qo‘shilishi kutilayotgan futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tsak. Guruhdagi eng kuchli terma jamoalardan biri bo‘lgan Ispaniya terma jamoasi murabbiylar shtabi «Real Sosedad» jamoasi himoyachisi Serxio Gomes, «Bolonya» klubi himoyachisi Xuan Miranda va «Jirona» safida hujum chizig‘ida o‘ynayotgan Abel Ruisni Olimpiadaga jalb qilishni ko‘zlamoqda.   

Dominikan Respublikasi olimpiya terma jamoasi o‘z safini Yevropaning turli nufuzli klublarida o‘ynagan Xunior Firpo, Luiyi de Lukas va Xayns Morshel kabi tajribali charm to‘p ustalari bilan to‘ldirmoqchi. Faqatgina Misr olimpiya terma jamoasi bir qator tajribali yoshi katta futbolchilarni tarkibga qo‘shishni istamadi. Bor e’tiborini iqtidorli yosh o‘yinchilarga qaratdi.   

Albatta, bu jamoalarga qo‘shilishi kutilayotgan futbolchilar qanchalik katta tajribaga ega bo‘lmasin, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi har qanday terma jamoaga qarshi munosib o‘yin o‘tkaza oladi.   

Yuqorida qayd etilgan futbolchilar aynan terma jamoamizga qarshi o‘yin o‘tkazishi tasdiqlanmagan. Eslatib o‘tamiz, jamoamiz «Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida so‘nggi nazorat o‘yinini 18 iyul kuni Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkazadi.   

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA