Poytaxtimizda Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) Ijroiya qo‘mitasi Byurosining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbir doirasida Butunjahon suzish federatsiyasi Prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashi Bosh direktori Husayn Al Musallam boshchiligidagi delegatsiya Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi.
Martabaali mehmonga “World Aquatics” Ijroiya qo‘mita Byurosi a’zosi Shahnoza Mirziyoyeva, Sport vaziri Adham Ikramov, mamlakat suzish federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov va MOQ rahbariyati, Sport vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar rasmiylari hamrohlik qildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Olimpiya shaharchasida joylashgan suv sport turlariga mo‘ljallangan zamonaviy inshoot bilan tanishtirildi. Shuningdek, mazkur majmuada mashg‘ulot o‘tayotgan sportchilar bilan yaqindan muloqot o‘tkazildi. Tadbirda, shuningdek, faxriy mehmon sifatida AQSH Prezidentining global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli hamda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi Prezidenti Majid Rashid ishtirok etdi.
[gallery-27288]
Suv sport inshooti haqida ma’lumot berilar ekan, ushbu havzada bir vaqtning o‘zida suzish hamda suvga sakrash sport turlari bo‘yicha xalqaro talablar asosida uzluksiz mashg‘ulotlar tashkil etish imkoniyati mavjudligi alohida ta’kidlandi. Tadbir davomida Olimpiya shaharchasida World Aquatics’ning mintaqaviy markazini ochish marosimi ham o‘tkazildi, deya xabar bermoqa sport vazirligi matbuot xizmati.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA