Olimpiya shaharchasidan unumli foydalanish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston sport vazirligida Xitoyning “Beijing Huatai United technology co. LTD” kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlaridan keyin Olimpiya shaharchasidagi ob’ektlardan samarali foydalanish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuvda mamlakatimiz sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, “Beijing Huatai United technology co. LTD” bosh direktori Sun Bodong ishtirok etdi. Unda Xitoy kompaniyasi o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda inshootlardan samarali foydalanishga oid taqdimotini namoyish qildi.


Sport va ichki turizmni o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda shaharchani aholi uchun ko‘ngilochar maskanga aylantirish, majmuadagi maydonlardan samarali foydalanish, jarayonga sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish kabi mavzular atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ushbu taqdimot O‘zbekiston tomonining katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA