Munosabat
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sport va turizm sohalaridagi ulkan islohotlar mamlakat taraqqiyotining muhim ustuniga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 18 avgust kuni Toshkentda barpo etilgan Olimpiya shaharchasiga tashrifi ham ana shu yo‘nalishdagi izchil siyosatning davomi sifatida tarixda qoladigan voqea bo‘ldi. Hududda qurilgan majmualar nafaqat sportchilar, balki keng jamoatchilik hayotiga ham katta ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Qurilishi 2022 yil 9 noyabrda boshlangan Olimpiya shaharchasi 100 gektardan ziyod maydonda joylashgan bo‘lib, zamonaviy sport ob’ektlari, o‘quv-mashg‘ulot markazlari, ilmiy va tibbiy muassasalarini o‘z ichiga olgan mukammal ekotizimdir. Bu shaharcha nafaqat xalqaro musobaqalarni o‘tkazish imkoniyatiga, balki milliy sportchi va murabbiylar salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Xususan, velodrom, yengil atletika stadioni, suv sporti saroyi, jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari xalqaro standartlarga mos ravishda qurilgan. Qolaversa, barcha inshootlar energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlangan, bu esa ekologiya va iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydi. Prezident ta’kidlaganidek, mazkur maskan kelgusida mamlakat sport sohasining ilmiy, amaliy va ta’lim markaziga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Eng muhimi bu shaharcha nafaqat sportchilar, balki oddiy fuqarolar uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Majmuada tashkil etilgan 15 ta ochiq sport maydoni va sport zallaridan aholi ham foydalanishi mumkin. Bu esa aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega. Yangidan barpo etilgan ob’ektlar sohaga aloqador yuzlab ish o‘rinlari yaratishga ham zamin yaratadi.
Shu bilan birga, sport turlarining rivojlanishi sport turizmining ham o‘sishiga turtki beradi. Sportda yuqori natijalarga erishgan yoshlar “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” dasturi orqali saralanib, Olimpiya markazlarida tayyorlanadi. Bu esa, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va sportda ijtimoiy liftlarni ta’minlashga xizmat qiladi.

Prezident tashrif chog‘ida “Yangi O‘zbekiston” bog‘i yonida qurilgan zamonaviy mehmonxonalar majmuasi bilan ham tanishdi. Bu 12 ta 3 yulduzli mehmonxonadan iborat bo‘lib, 540 ta yangi ish o‘rni va yiliga 55 ming turistni qabul qilish salohiyatiga ega majmualardir. Mehmonxonalar xalqaro brendlar tomonidan boshqariladi, bu xizmat sifati va menejment madaniyatini yangi darajaga ko‘taradi. Yanada muhimi, bu kabi inshootlar qurilishi orqali mahalliy iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kirib kelmoqda va atrofdagi infratuzilma yaxshilanmoqda.

Umuman olganda, Olimpiya shaharchasi va zamonaviy mehmonxonalar majmuasi O‘zbekistonning yangi rivojlanish bosqichida ekanini yaqqol namoyon etadi. Bu loyihalar orqali nafaqat xalqaro sport maydonlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar tayyorlanadi, balki ichki ommaviy sport, sog‘lom turmush tarzi va turizm salohiyati ham kengayib boradi.

Shu bois, bunday loyihalarni faqat yirik infratuzilma deb emas, balki kelajak avlod sog‘lom, barkamol va bilimli bo‘lib voyaga yetishiga qaratilgan investitsiya deb qabul qilish kerak.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA