Poytaxtimiz chiroyiga ko‘rk qo‘shayotgan “Olimpiya shaharchasi” aholining sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratishi, shuningdek, turli yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilda mazkur majmua hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan musobaqa va sport tadbirlari ro‘yxati e’lon qilindi. Jadvalga muvofiq, “Olimpiya shaharchasi”da mavsumning ilk musobaqasi 23 fevral – 5 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi “Katta dubulg‘a” xalqaro turniridir.

Shuningdek, 10–18 mart kunlari chim ustida xokkey bo‘yicha kattalar o‘rtasida “Tashkent Open Cup” turniri, 12–19 mart kunlari gandbol bo‘yicha U18 yoshlar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati, 13–20 mart kunlari triatlon bo‘yicha xalqaro seminar o‘tkaziladi.
20–30 mart kunlari voleybol bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Mart va aprel oylarida esa tennis bo‘yicha kattalar o‘rtasida bir qator xalqaro turnirlar tashkil etiladi.
Ushbu tadbirlar mamlakatimizda sportni rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan islohotlar samarasi hisoblanadi.
Musobaqalar yoshlarimizga o‘z mahoratlarini oshirish, tajriba to‘plash imkonini berishi bilan birga, sport muxlislariga ham zamonaviy infratuzilmalarda bellashuvlarni bevosita tomosha qilish imkoniyatini yaratadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA