English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimpiya shaharchasi – milliy g‘urur va kelajak ramzi, dunyo sport bayramlari o‘tadigan maskan
11:37 / 2025-09-20

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

Dunyoda juda kam sonli shunday shaharlar borki, ularni sport dunyosi, kelajak poydevori, tinchlik tarannumi kabi nomlar bilan ham ataydilar. 

Ular nafaqat turli sport tadbirlari, balki ulkan konsertlar, ko‘rgazmalar va xalqaro forumlar uchun ham maydon sanaladi. Bu shaharlarda jahonda tan olingan arxitektura yechimlari qo‘llanilgan. Ular o‘zi joylashgan mamlakatning eng jozibali turistik va madaniy tashrif qog‘oziga aylangan. Bu maskanlar sog‘lom hayotni, sportni amaliy natijalar bilan targ‘ib qilayotgan Olimpiya shaharchalaridir.

Endi O‘zbekiston ham dunyodagi ana shunday mukammal sport majmuasiga ega sanoqli davlatlardan biri. 

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari 18 avgust kuni Toshkent shahrida yangidan barpo etilgan Olimpiya shaharchasida bo‘lgan edi. 

Ushbu sport majmuasi joylashgan hududning maydoni yuz gektardan ziyod. Bitta standart futbol maydonini xayolingizda jonlantiring, kattagina hudud-a? 

Yuz gektardan ziyod yerga ana shu futbol maydonidan taxminan bir yuz qirqtasi joy bo‘ladi. Bir yuz qirqta! Raqam Olimpiya shaharchasi joylashgan maydon haqidagi tasavvurimizni yanada boyitishga xizmat qildiya? Bu “maydonlar”ga katta-kichik ob’ektlar, turli mahobatli sport komplekslari, yashil hududlar shunday joylashtirildiki, kishini hayratga soladi. Odamga g‘urur bag‘ishlaydi.

Shaharchadan beshta asosiy sport majmuasi joy oldi. O‘n ikki ming o‘rinli stadion, velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy o‘yinlar majmualari shular sirasiga kiradi. 

U nafaqat ana shunday sport maydonlari va mashg‘ulot zallari bilan, balki muhim sport tashkilotlarining bir joyda jamlanishi bilan ham ahamiyatli. Bu yerdan Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqotlar instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi ham o‘rin oldi. 

Xalqaro sport ekspertlari bunday joylashishning afzalliklari juda ko‘pligini ta’kidlashmoqda. 

Avval turli manzillarda faoliyat yuritgan idoralar qaror qabul qilish jarayonida vaqt yo‘qotar edi. Endi esa barcha muassasalar bir hududda bo‘lgani uchun tezkor aloqa, birgalikda qaror qabul qilish va hamkorlikda ishlash osonlashadi. Masalan, sportchi tayyorgarligiga oid qaror qabul qilinayotganda vazirlik, ilmiy institut va markaz mutaxassislari bir vaqtning o‘zida maslahat berishi mumkin.

Jismoniy tayyorgarlik, ilmiy kuzatuv, tibbiy xizmat, ta’lim va boshqaruv bir hududda mujassamlanishi sportchi uchun ham katta yengillik. Masalan, sportchi mashg‘ulotdan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri tibbiy ko‘rikdan o‘tishi yoki tadqiqot instituti mutaxassislaridan maslahat olishi mumkin.

Dunyodagi yirik sport markazlari – Shveysariyaning Lozanna shahridagi Olimpiya markazi, Koreya Respublikasining Inchxon sport shaharchasi yoki Qatarning “Aspire Zone” sport kompleksi aynan shunday birlashgan boshqaruv va ilmiy-texnikaviy hamkorlik asosida samarali faoliyat yuritmoqda. 

Bu tajriba shuni ko‘rsatadiki, sportda tizimli yondashuv va bir makonda jamlanish natijalarni yanada tezroq olib keladi.

– Bu kompleks Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik salohiyatini, yoshlar kelajagiga, sportga e’tibori darajasini yana bir bor namoyon etdi, – deydi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov. – Bu shaharcha o‘zida ilm, amaliyot va nazariyani uyg‘unlashtirdi. Shu jihati bilan ham muhim ahamiyatga ega deyishimiz mumkin. Hududda xalqaro darajadagi musobaqalar o‘tkaziladi. Mamlakatimiz terma jamoalarining o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Shuningdek, yurtdoshlarimizning ham sport bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar yaratildi. Shuni alohida ta’kidlash kerak, bu kabi komplekslar Olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladigan davlatlarda qurilishi mumkin. Lekin bunday yirik sport tadbirlarini o‘tkazgan hamma davlatlarda bizdagi imkoniyatlarni ko‘rmadik. Aytaylik, odatda Olimpiya o‘yinlarida bir musobaqadan boshqasiga yetib borguncha bir soatlab vaqt yo‘qotgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Bizning bu majmua kelgusida juda yirik sport tadbirlariga mezbonlik qilsa, sportchilar, mehmonlar, ekspertlar uchun juda katta qulayliklar yaratadi. 

Shu o‘rinda sport inshootlari imkoniyatlari haqida ham qisqacha to‘xtalish joiz. 

Bugun O‘zbekiston sport infratuzilmasi yangi bosqichga qadam qo‘ydi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatimizda ilk bor xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy velodrom ham shu shaharchada barpo etildi. U nafaqat velosportchilar uchun, balki butun jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. 

Velodrom loyihasi murakkab muhandislik yechimlari asosida ishlab chiqilgan. Yo‘lakning trayektoriyasi, burilish burchaklari va yog‘och qoplamasi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining qat’iy talablariga to‘liq javob beradi.

Velodrom 2 ming 200 nafar tomoshabinga mo‘ljallangan. Shunga qo‘shimcha, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining yangi talablari asosida o‘rindiqlar oldiga himoya to‘siqlari o‘rnatilgan. Bu, eng avvalo, sportchilar xavfsizligi va muxlislar uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Mazkur sport majmuasi faqat velosportga emas, balki turli yo‘nalishlarga ham xizmat qiladi. Shu yerda stol tennisi, qilichbozlik, boshqa yo‘nalishlardagi mashg‘ulot va musobaqalarni o‘tkazish mumkin. Bu esa velodromning universalligi va sport hayotidagi ahamiyatini yanada oshiradi.

Sportchilar uchun eng zamonaviy sharoit yaratilgan Berlin, London, Gonkong va Tokio velodromlari qatorida endi O‘zbekistonda qurilgan mazkur majmua ham bor.

Shuningdek, shaharcha markazida qurilgan 12 ming o‘rinli stadion sport sohasidagi keng imkoniyatlarni o‘z ichiga olgani bilan alohida ahamiyatga ega. Stadion kelgusida xalqaro turnirlar, tantanali marosimlar va yirik chempionatlarni qabul qila oladi. Yashil maydon va to‘qqiz qatorli yugurish yo‘lagi orqali yengil atletikaning 48 ta yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin. Bu imkoniyat stadionning universalligi va Olimpiya talablariga mosligidan dalolat beradi.

Olimpiya shaharchasining eng yorqin inshootlaridan biri ulkan suv sporti saroyidir. U zamonaviy arxitekturasi, xalqaro standartlarga javob beradigan havzalari va sportchilar uchun qulay shart-sharoitlari bilan ajralib turadi. Saroy tribunalari 2 mingdan ziyod muxlisni qabul qila oladi. Bu sportchilar uchun energiya, muxlislar uchun esa befarq qoldirmaydigan taassurot degani. Ochiq aytish mumkinki, majmua nafaqat musobaqalar, balki sport bayramiga aylanadigan ulkan voqealar markaziga aylanadi.

Jamoaviy va yakkakurash sport turlari majmualari esa Olimpiya shaharchasining muhim bo‘g‘ini sanaladi. 

Jamoaviy sport turlari uchun mo‘ljallangan binoda voleybol, basketbol va gandbol bo‘yicha mashg‘ulotlar hamda xalqaro musobaqalarni o‘tkazish mumkin. Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan majmua esa dzyudo, boks, taekvondo kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Bunday imkoniyatlar mamlakatimizda sportning jamoaviy va individual yo‘nalishlari ommalashishiga, yosh avlodning sog‘lom va mardona ruhda tarbiyalanishiga, shu bilan birga milliy terma jamoalarning xalqaro musobaqalarda yuqori natijalar ko‘rsatishiga mustahkam asos bo‘ladi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bu shaharcha qurilishidan oldin O‘zbekistonning yirik sport bayramlariga mezbonlik qilish imkoniyatlari qanday edi? 

Mavjud sport inshootlari va maydonlaridan foydalangan holda katta-kichik tadbirlarni o‘tkazib kelmoqda edik. Biroq Yangi O‘zbekiston oldiga qo‘yilgan yuksak maqsadlar – dunyo miqyosidagi nufuzli sport bayramlariga mezbonlik qilish, olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlari kabi musobaqalarni qabul qilish rejalari uchun bu yetarli emasdi. 

Shu bois barcha xalqaro standartlarga javob beruvchi, zamonaviy dizayn va murakkab muhandislik yechimlariga asoslangan komplekslarni barpo etish har jihatdan maqsadga muvofiq hisoblandi. Bunday majmualar nafaqat mamlakatda sportning rivojlanishiga, balki O‘zbekistonning xalqaro maydonda nufuzini oshirishga ham xizmat qiladi.

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbiri