Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Olimpiya shaharchasi” – eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmua
08:30 / 2026-02-18

Poytaxtimizda barpo etilib, faoliyatini boshlagan “Olimpiya shaharchasi” nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi ko‘plab yirik sport tadbirlari, anjumanlar, musobaqalarga mezbonlik qilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida ushbu maskanda o‘nga yaqin xalqaro tadbirlar, 50 dan ziyod mamlakat miqyosidagi chempionat va birinchiliklar, yuzga yaqin o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etildi.

Bugungi kunda 50 ga yaqin sport tashkilotlari, federatsiya va assotsiatsiyalar, markaz va ta’lim muassasalarini qamrab olgan “Olimpiya shaharchasi”ni qizg‘in sport “ob-havosi” qamrab olgan.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Olimpiya shaharchasi” xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishi, me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgan zamonaviy majmuaga aylantirish yo‘lida tizimli ishlar olib borilmoqda.

“Olimpiya shaharchasi” hududida bunyod etilayotgan Davlat sport tibbiyoti va ilmiy amaliy markazi hamda Paralimpiya sport turlariga mo‘ljallangan milliy terma jamoalar markazida so‘nggi ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Kuni kecha sport vaziri Adham Ikromov yetakchiligidagi mutaxassislar “Olimpiya shaharchasi”da barpo etilayotgan Davlat sport tibbiyoti va ilmiy amaliy markazi hamda Paralimpiya sport turlariga mo‘ljallangan milliy terma jamoalar markazidagi ish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

Mutasaddilar tomonidan mazkur inshootlarning sportchilar va para atletlar uchun qulay tarzda bunyod etilishi hamda uning xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash, qurilish jarayonlarini yakunlash hamda foydalanishga topshirish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar yuklandi.

Soha vakillari, tegishli yo‘nalishlarning mutaxassislari bilan suhbat va muloqotlar davomida mazkur majmualar kelgusida sportchilarni yuqori darajada tayyorlashga xizmat qilishi, mamlakatimiz sport harakati rivojiga xizmat qilishi aytib o‘tildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA