French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bosqichida sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi
10:11 / 2021-11-12

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil noyabr oyining ilk kunlarida imzolangan “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorning ijrosini ta’minlash bugungi kunda mamlakatimiz sport jamoatchiligi oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Ta’kidlash lozimki, Tokioda o‘tgan olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar qatorida ayrim sport turlarida mazkur o‘yinlarda qatnashish masalasiga loqayd qarash hollari ko‘zatilganligi ham sir emas.

Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston gimnastika va stol tennisi federatsiyalarining mutasaddilari, murabbiylari va vakillari bilan uchrashuvda ushbu masala xususida so‘z yurtigan MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov yana uch yildan keyin boshlanadigan Parij-2024 o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishda, zarur yo‘llanmalarga erishishda bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruslan Mustayev Tokio-2020 sikli bo‘yicha hisobot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya davrida poytaxtimizdagi Gimnastika zalining koronavirus bilan kasallangan hamyurtlarimiz uchun vaqtinchalik shifoxonaga aylangani sabab sportchilar asosiy mashg‘ulot zalisiz qoldi va natijada tayyorgarlik yetarli darajada bo‘lmadi.

Shundan so‘ng MOQ rahbari har bir yo‘nalishdagi yoshlarimiz, ularning trenerlari bilan oldindagi maqsadlari, rejalari haqida gaplashdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati mazkur masalaga kelajakda ijobiy javob topishga, asosiy jamoa muntazam mashg‘ulot olib boradigan zal biriktirilishi haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuvning ikkichi bo‘limi hisoblangan O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi bilan yig‘ilish kutilganidek o‘tkazilmadi. Taklif etilgan bo‘lsa-da stol tennisi federatsiyasidagi ichki kelishmovchiliklar sabab terma jamoa murabbiyi Georgiy Soy va uning shogirdlari ushbu yig‘ilishga kelishmadi.

Shu bois, Sport o‘yinlari bo‘yicha respublika oliy sport mahorat maktabi direktori Jasur Akramov, federatsiya bosh kotibi, ijrochi direktor va boshqa mutaxassislar bilan muhokama olib borildi.

Afsuski, mana shunday ichki nizolar sababli so‘nggi yillarda ushbu sport turida xalqaro maydonda aytarli natijaga erisha olmayotganimiz bor gap. Jumladan, Tokio-2020 olimpiadasiga yo‘llanma qo‘lga kiritilmadi. Yurtimizdagi bir qator yetakchi sport federatsiyalarida Parij-2024 o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlari allaqachon boshlanib ketgan fursatda O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasidagi bosh-boshdoqlik MOQ rahbari tomonidan qattiq tanqid qilindi.

Davlatimiz tomonidan 2024 yilgi olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik mutlaqo boshqacha strategiya asosida tashkil etilishi belgilangan. Unda har bir sportchi Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan tuziladigan shartnoma asosida shug‘ullanishi, ularning zimmalariga olimpiya o‘yinlarining saralash musobaqalarida hamda Parij-2024da munosib qatnashish masalasida mas’uliyat yuklatilishi muhim jihatlardan biri bo‘lishi nazarda tutilsa, federatsiyadagi ichki muhitni yaxshilashni kechiktirmaslik lozim, nazarimizda.

MOQ mutaxassislari bu borada uchrashuvga kelgan yagona sportchi So‘g‘diyona Madaliyeva bilan suhbatlasha oldi xolos.

Uzoq davom etgan suhbatda asosiy e’tibor litsenziyaga da’vogar sportchilarimizni xorij klublarida tajriba almashishlari uchun stol tennisi rivojlangan davlatlarga tajriba orttirishga jo‘natish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi ta’kidlanib, Milliy olimpiya qo‘mitasi bu borada hamkorlik qilishga, zarur hollarda ko‘maklashishga tayyorligini bildirishdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA