French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari va jahon chempionlari O‘zbekiston kubogi uchun kurashmoqda
17:37 / 2023-10-22

Bugun, 22 oktyabr kuni Chirchiqda og‘ir atletika bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasida boshlangan O‘zbekiston kubogi musobaqalarida sport ishtiqbozlari Olimpiya va qit’a o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarining g‘olib va sovrindorlari Ruslan Nurudinov, Rustam Jangabayev, Doston Yoqubov, Diyorbek Ermatov, Qurbonmurod Nomozov kabi nomdor polvonlar bellashuvlariga guvoh bo‘ladi.

Mamlakatimizning barcha hududlaridan 400 ga yaqin mahoratli og‘ir atletikachilar qatnashayotgan musobaqaning ilk kunida yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarga start berildi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida 55 kilogramm vaznda o‘tgan musobaqalarda yurtimizning 30 ga yaqin sportchilari g‘oliblik uchun supaga chiqishdi.

Shiddatli kechgan bahslar natijasida samarqandlik Diyorbek Odilov (93+120) 213 kilogramm toshni buysindirgan holda shohsupaning eng yuqorisidan joy oldi. 2-o‘rin ham samarqandlik sportchiga nasib etdi. Kumush medalni qo‘lga kiritgan Zikrillo Mamirjonov (87+115) 202 kilogramm natijaga erishgan bo‘lsa, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan qashqadaryolik Javohir Sayfullayev (88+112) 200 kilogramm ko‘rsatkichni qayd etdi.

Og‘ir atletika bo‘yicha xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston terma jamoasiga nomzodlarni saralash maqsadida tashkil etilayotgan mamlakat kubogi 29 oktyabrga qadar davom etadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA