Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimpiya o‘yinlari o‘zbek sportchilarining g‘alabalariga boy bo‘ladi
19:09 / 2015-02-10

Mamlakatimiz sportchilari 2016-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rmoqda. Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu boradagi ishlar tizimli asosda olib borilmoqda.

Mamlakatimiz sportchilari 2016-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta hozirlik ko‘rmoqda. Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu boradagi ishlar tizimli asosda olib borilmoqda.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek QOSIMOV mazkur qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida xalqimiz turmush darajasi, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori tobora yuksalib bormoqda. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, to‘kinlik va farovonlik jismoniy tarbiya va sport rivojida ham muhim omil bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan mustaqilligimizning ilk yillaridanoq millat genofondini sog‘lomlashtirish, barkamol avlodni voyaga yetkazishning asosiy vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ana shu e’tibor og‘ushida ulg‘aygan bolalar har tomonlama sog‘lom, mustahkam irodali bo‘lib voyaga yetdi. Professional sportchilarimiz safi kengaydi. Bugun O‘zbekiston sport mamlakati, yosh avlodga g‘amxo‘r davlat, degan e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunining hayotga tatbiq etilishi, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining uzviy va muhim bo‘lagi bo‘lgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalarining tashkil etilishi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining tuzilishi soha rivojini yangi bosqichga ko‘tardi. 

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mustaqilligimiz e’lon qilinganidan atigi bir necha oy o‘tib – 1992-yil 21-yanvarda tashkil etilgan. 1993-yil sentabr oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga a’zo bo‘lgan. Shundan buyon mamlakatimiz sportchilari yozgi va qishki Olimpiya o‘yinlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.

Mamlakatimizda olimpiya harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan qator ishlar xalqaro sport tashkilotlari tomonidan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Osiyo olimpiya kengashi, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining oliy nishonlari bilan taqdirlanishi fikrimiz dalilidir.

Qo‘mitamiz jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Sportchi va murabbiylar malakasini oshirish maqsadida xalqaro seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, mintaqaviy forumlar tashkil etilmoqda. Sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda muntazam qatnashishi ta’minlanmoqda.

1996-yilgi Atlanta Olimpiadasidan 2012-yilgi London Olimpiadasigacha, 1994-yili Lillixammerdagi qishki Olimpiadadan 2014-yili Sochida o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarigacha bo‘lgan nufuzli musobaqalarda yurtimiz sportchilari 6 oltin, 5 kumush va 10 bronza medalga sazovor bo‘ldi. Osiyo o‘yinlari, o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari, jahon universiadalarida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar salmog‘i ham tobora ortib bormoqda.

Bunday g‘alabalar o‘z o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Bular aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratish, professional sportchilarni tarbiyalash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.

Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lmoqda. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, tegishli vazirlik va idoralar, sport federatsiyalari tomonidan izchil ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirish uchun qator tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Yangi boshqarma va bo‘limlar tashkil etildi. Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda qo‘mitaning hududiy vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joylarda sport tadbirlarini keng miqyosda o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni kashf etish ularning muhim vazifasi etib belgilandi. 

Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish va ushbu musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallash imkoniyati yuqori bo‘lgan istiqbolli sport turlari aniqlanib, ular bo‘yicha federatsiyalarning faoliyati atroflicha o‘rganib chiqildi. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda ayrim federatsiyalar birlashtirildi. Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarga homiylar biriktirildi. 

Davlatimiz rahbarining qarori ijrosi doirasida 2013-yil 2-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi O‘zbekiston olimpiadachilarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Jamg‘arma mablag‘lari respublika sport federatsiyalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga yo‘naltirilmoqda. 

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston sportchi va murabbiylariga stipendiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanib, xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan sportchi va ularning ustozlari har oyda rag‘batlantirib borilmoqda. Sportimiz faxriylari, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan terma jamoalarning maslahatchi murabbiylarining oylik maoshlari ham ushbu jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanmoqda.

Poytaxtimizda qad rostlayotgan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosida so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bu yerda O‘zbekiston sportchilarini tibbiy-biologik xizmat va sport psixologiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan markaz tashkil etiladi. Olimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoa a’zolari ana shu markazda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Markazda eng zamonaviy tibbiy uskunalar o‘rnatiladi, mamlakatimiz bilan birga Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya kabi qator davlatlardan taklif etilgan yetakchi shifokorlar faoliyat olib boradi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bunday tibbiy markaz dunyoning sanoqli davlatlaridagina mavjud. 

Sportchilarimiz yil davomida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etib, tajriba va mahoratini oshirib bormoqda. Olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘n to‘rtta federatsiya va assotsiatsiyalarga biriktirilgan 106 sport bazasida buning uchun barcha zarur sharoit yaratilgan.

Murabbiylarning bilim va malakasini oshirish maqsadida xalqaro o‘quv va ilmiy-amaliy seminarlar tashkil qilinmoqda. Bu mashg‘ulotlarga barcha viloyat va tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan murabbiylar jalb etilmoqda. Ular xalqaro federatsiyalar va sport tashkilotlarining tajribali mutaxassislari boshchiligida nazariy va amaliy bilimlarini boyitmoqda. Olimpiya sport turlari bo‘yicha xalqaro federatsiyalarda mamlakatimiz mutaxassislari faoliyatini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotir. 2013-2014-yillarda mamlakatimizga kelgan Osiyo olimpiya kengashi, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi, Xalqaro og‘ir atletika, boks, qilichbozlik, yengil atletika va gimnastika federatsiyalari, Butunjahon kurash ittifoqi, Osiyo taekvondo ittifoqi, Jahon dopingga qarshi kurash agentligi kabi qator xalqaro sport tashkilotlarining rahbar va vakillari O‘zbekistonda olimpiya xarakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.

2014-yili Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlari arafasida tashkil etilgan Osiyo olimpiya kengashining 33-assambleyasida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi O‘zbekistonda olimpiya xarakatini rivojlantirish borasida olib borayotgan ishlari, hamyurtlarimizning Osiyo qit’asida sportni yanada yuksaltirishga qo‘shayotgan hissasi uchun Osiyo olimpiya kengashining eng yuksak mukofotiga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston sportchilarining xalqaro maydonlarda erishayotgan g‘alabalari ham tobora ortib bormoqda. Jumladan, 2014-yili Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan II o‘smirlar Olimpiadasida yosh sportchilarimiz 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medaliga sazovor bo‘lib, yurtimiz yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini yana bir bor butun dunyoga namoyish etdi. 

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Osiyo o‘yinlari va II Paraosiyo o‘yinlarida ham sportchilarimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Osiyo o‘yinlarida 61 nafar sportchimiz sovrindorlar safidan o‘rin egallagan bo‘lsa, Paraosiyo o‘yinlarida yurtdoshlarimiz 22 bor shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Bundan tashqari, 15 nafar paralimpiyachimiz 2016-yili Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan XV Paralimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalarini naqd qilib qo‘ydi.

O‘tgan mavsumda istiqbolli sport turlari bo‘yicha nufuzli musobaqalar – jahon va Osiyo chempionatlari, o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari, yozgi Osiyo o‘yinlarida hamyurtlarimiz 59 oltin, 50 kumush va 80 bronza, jami 189 medalni qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, badiiy va sport gimnastikasi, trampolin, erkin, yunon rum va xotin-qizlar kurashi, boks, og‘ir atletika, taekvondo (WTF), dzyudo, akademik, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yengil atletika, o‘q otish ustalari erishgan g‘alabalar ushbu sport turlari bo‘yicha imkoniyatlarimiz yuqori ekanidan dalolat berdi.

2015-yilgi sport mavsumi mas’uliyatli musobaqalarga yanada boy bo‘ladi. Mamlakatimiz olimpiyachilari jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli turnirlarda Braziliyada o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kurashadi. Ushbu musobaqalarda sportchilarimiz avvalgilardan-da ko‘proq yo‘llanmalarni qo‘lga kiritib, Olimpiadada yuksak o‘rinlarga sazovor bo‘lishiga ishonamiz.