Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimpiadadan medallar bilan qaytishdi
18:08 / 2026-01-19

2026 yil 10–15 yanvar kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida matematika, fizika va informatika fanlari bo‘yicha 22-Xalqaro Jautikov olimpiadasi (IZhO 2026) bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 15 davlatidan 700 dan ortiq iqtidorli yoshlar ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixidagi eng yuqori natijani qayd etdi.

Yakunda terma jamoamiz 3 ta oltin, 8 ta kumush va 9 ta bronza medal bilan yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Bu natija nafaqat yosh olimlarning iqtidori va mehnatining, balki oliy ta’lim muassasalari va ustozlarining zamonaviy fan va texnologiyalarni rivojlantirishdagi sa’y-harakatlarining ham samarasidir.

Mazkur musobaqada Guliston davlat universiteti Axborot texnologiyalari hamda Fizika-matematika fakulteti magistr va talabalari ham faol ishtirok etishdi. Jumladan, Sanjarbek Rahimjonov oltin, Behruzbek Boymurodov kumush, Muzaffar Normatov va Ozodbek Orifjonovlar esa bronza medallari sohibi bo‘lishdi.

– Mazkur xalqaro musobaqada ishtirok etish men uchun katta tajriba va ruhiy rivojlanish imkoni bo‘ldi, – deydi universitet magistranti Sanjarbek Rahimjonov. – Oltin medalni qo‘lga kiritish – nafaqat shaxsiy yutug‘im, balki jamoamizning faol va birgalikdagi mehnat samarasidir. Bundan keyin ham ilmiy izlanishlarimni kengaytirib, xalqaro maydonda yurtimizning sharafini himoya qilishni davom ettirishni maqsad qilganman.

Ushbu g‘alaba nafaqat yosh olimlarni xalqaro maydonda o‘z iqtidorlarini namoyon etish bilan birga, mamlakatimiz ta’lim va fan tizimining salohiyatini namoyon etishda muhim bosqich bo‘ldi.  

Guliston davlat universiteti talabalari ham bu nufuzli musobaqada faol ishtirok etishib, yurtimizning ilmiy nufuzini xalqaro maydonda yanada yuksaltirishga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri