Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimpiadadan g‘alaba bilan qaytamiz
19:14 / 2014-07-17

Shu yilning 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘smirlar o‘rtasida II yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Shu yilning 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘smirlar o‘rtasida II yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarimizning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida barcha sohada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan yigit-qizlar safi tobora ortib bormoqda. Yoshlarimizning sportda erishayotgan yuksak muvaffaqiyatlari Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘sini yuksaltirayotganidan faxrlansak arziydi.

Istiqlol yillarida o‘zbek dzyudo maktabi ham jahonda yetakchilar qatoridan joy oldi. Yurtimizda ko‘plab Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari g‘olib va sovrindorlari tarbiyalanmoqda.

Nankin Olimpiadasida dunyoning kuchli dzyudochilaridan biri sifatida qatnashadigan Suhrob Tursunov – ana shunday yoshlardan biri. 1996-yili Surxondaryo viloyatining Denov shahrida tug‘ilgan Suhrobning sportga mehr qo‘yishida oiladagi sportga bo‘lgan e’tibor alohida ahamiyat kasb etdi.

Tajribali murabbiy Laziz Yo‘ldoshevdan dzyudo sirlarini puxta egallagan yosh polvon viloyat va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda qatnashib, qator sovrinli o‘rinlarni egalladi. 2012-yili O‘zbekiston chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan Suhrob Tursunov dzyudo bo‘yicha mamlakat o‘smirlar terma jamoasiga jalb etildi.

2013-yili o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida o‘z vazn toifasida tengsiz ekanini isbotlagan Suhrob polvon tez orada terma jamoa tarkibida ham o‘zini ko‘rsatdi. AQShda o‘tgan jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘smirlar o‘rtasidagi II yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Xitoyning Xaynan shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Joriy yilda Avstriyada o‘tkazilgan Yevropa ochiq kubogi bahslarida bronza, Germaniyaning Bremen shahrida o‘smirlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan nufuzli turnirda kumush medal bilan taqdirlandi. Bu musobaqalar Suhrob uchun Nankin Olimpiadasiga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.

Olimpiadaga puxta hozirlik ko‘rayotgan iqtidorli polvonimiz terma jamoa murabbiylari Vyacheslav Pereteyko va Server Murodasilov boshchiligida Germaniyaning Bremen shahrida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida tajriba va mahoratini oshirdi. Ayni paytda Toshkent viloyatidagi “Shirin buloq” sport bazasida hamda poytaxtimizdagi dzyudo markazida tayyorgarlikni davom ettirmoqda.

– O‘smirlar Olimpiadasida ishtirok etib, Vatanimiz mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga munosib sovg‘a tayyorlash ezgu orzuimdir, – deydi Suhrob. – Prezidentimiz rahnamoligida sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor nufuzli musobaqalarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishimizda bizga kuch bag‘ishlamoqda. Nankin Olimpiadasidan ham g‘alaba bilan qaytishni niyat qilganman.