Xitoyning Xaykou shahrida stol tennisi bo‘yicha “ITTF ATTU Asian Cup Haikou-2026” musobaqasi davom etmoqda.
Osiyo stol tennisi taqvimidagi 2026 yilning ilk nufuzli musobaqasida 14 ta davlat vakillari qatorida ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Arujan Kamolova musobaqaning 3-guruhida Hongkong, Xitoy va Xitoy Taypeyi vakillari bilan bahs olib bormoqda.
Kecha hongkonglik Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati sovrindori, 29 yoshli Xoy Kem bilan kechgan bahsda Arujan munosib qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, uchrashuvda 11/2, 11/3 va 11/6 ko‘rinishida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bugun, 5 fevral kuni musobaqa dasturiga binoan hamyurtimiz A.Kamolova navbatdagi turda "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, Xitoy taypeyilik 24 yoshli Chiyen Tung-Chuanga qarshi bahs olib bordi.

Chiyen Tung-Chuan-Arujan Kamolova ishtirokidagi qiziqarli kechgan bahsda 11/6, 11/5, 10/12 va 11/4 hisoblari qayd etildi.
Natijalardan ham ko‘rinib turibdiki, hali 17 yoshga to‘lmagan yosh stol tennischimiz Kamolova dunyoning eng kuchli kichik raketkachilaridan biriga munosib qarshilik ko‘rsatgan. Hattoki, 3-partiyada g‘alabaga ham erishgan.
Endi umidli tennischimiz Arujan ertaga, 6 fevral kuni guruhning so‘nggi o‘yinida to‘qqiz karra jahon chempioni xitoylik Chen Sintun qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu turnir joriy yilning 30 mart-5 aprel kunlari Makaoda o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmalar taqdim etishi bilan ahamiyatli sanaladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA