English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimpiada: eshiklar yopiladi, keyingi bekat Parij!
18:57 / 2021-08-10

Orziqib kutilib, millionlarning qalbiga iftixoru iztiroblarni, mag‘lubligu g‘oliblik tuyg‘ularini joylagan olimpiada “kema layneri”ning bayrog‘i kecha 2024 yilgi musobaqa manzili Parijga yetib bordi.

Xorijiy axborot vositalari xabariga ko‘ra, Olimpiada bayrog‘ini Parij shahar meri Ann Idalgo tantanali ravishda qabul qilib, jurnalistlarga bergan intervyusida olimpiada o‘yinlari boshlangunga qadar shahar ma’muriyati binosida hilpirab turishini ta’kidlagan.

Ma’lumki, zamonaviy olimpiya o‘yinlari 1924 yili aynan Fransiyada o‘tkazilgandi. Demak, to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi yana 100 yildan so‘ng o‘z “uyiga” qaytmoqda. Parij-2024da 32 ta sport turi bo‘yicha bahslar o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyaning Parij shahrida o‘tkaziladigan navbatdagi XXXIII yozgi olimpiya o‘yinlari 2024 yilning 26 iyul – 11 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Xo‘sh, XXXIII yozgi olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport jamoasi qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Xalqimizning cheksiz iftixoriga sabab bo‘lgan, barchamizni Vatan sha’ni yo‘lida jipslashtirgan Tokioning 3 ta oltin va 2 ta kumushining “egalari” – taekvondo, boks, og‘ir atletika, erkin kurash va dzyudochilarimiz ekanligini eslagan holda adolat ko‘zgusini barchaga baravar tutmoqlik lozim. Shu ma’noda “panada” qolib ketayotgan ommaviy va o‘yin sport turlari Parij-2024 o‘yinlarida Vatan sportining “yuki”ning bir pallasini gardaniga oladigan vaqt allaqachon kelgan, nazarimizda.

Bunday deyishimizning boisi, o‘tgan yillar mobaynida futbol, voleybol, regbi sport turlarini mamlakatimizda yanada rivojlantirish, terma jamoalar zaxirasini iqtidorli sportchilar bilan boyitish maqsadida qabul qilingan hukumat qarorlari, dasturlari, konsepsiyalarning tub zamiri ham aynan shunga qaratilgan. Qolaversa, ushbu sport turlari bo‘yicha turli ommaviy musobaqalar, seleksion turnirlar, o‘quv mashg‘ulotlar, seminarlarning pirovard manzili – Parij olimpiadasida O‘zbekiston sportchilarining ommaviy va o‘yin sport yo‘nalishlarda ham ishtirokini ta’minlashdir.

O‘zbekiston regbi federatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning 18-19 sentyabr kunlari Toshkentda regbi bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Mazkur nufuzli musobaqada Hindiston, Tailand, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, BAA davlatlari qatnashishi kutilmoqda. Mazkur nufuzli musobaqada hamda yurtimizda o‘tkazilayotgan respublika miqyosidagi bahslarda o‘z iqtidorini namoyish qilgan sportchilar asosida kelgusida mamlakat terma jamoasini shakllantirish rejalashtirilgan. Hozirda ayollar regbisi bo‘yicha qozog‘istonlik tajribali murabbiy Anastasiya Xromova maslahatchi mutaxassis sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tkazilayotgan turnirlar, mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi, albatta 2024 yilda o‘tadigan Parij olimpiadasida o‘zbek regbichilarining ishtirokiga erishishdir.

Xuddi shuningdek, O‘zbekiston voleybolchilari ham Parij yo‘lida o‘ziga xos izlanishlarni olib bormoqda. Mamlakat voleybol federatsiyasi bosh kotibi Xusan Nasrullayevning aytishicha, keyingi 2 oyning biron bir haftasi bo‘lmadiki, O‘zbekistonning qaysidir hududida voleybol bo‘yicha musobaqa o‘tkazilmagan bo‘lsa. Bu sa’y-harakatlarning barchasi Fransiya olimpiadasida voleybol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining qatnashishiga zarur sharoitlarni yaratish.

XXXIII yozgi olimpiya o‘yinlarining katta karvoni allaqachon yo‘lga chiqqan. “Eshiklar yopiladi, keyingi bekat Parij!”, deyilganiga ham 3 kun bo‘ldi. Ishonamizki, O‘zbekiston sportining jonkuyarlari, yetuk mutaxassislari, menejerlari bu yo‘lda amalga oshirilajak ishlar va kelgusi rejalarni allaqachon belgilashgan. Umidimiz, orzularimiz armonga aylanmasa, “shirin tush”imiz Rio-2016, bugun boshimizni sarbaland etgan Tokio-2020 ertaklari bilan ovunib qolmasak bo‘lgani.

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA