English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimpiada chempionining birinchi ustozi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi
16:13 / 2026-03-04

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kuni kecha e’lon qilingan farmoniga ko‘ra, Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bir guruh fidoyi ayollar davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.

Jumladan, Samarqand viloyati yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi dzyudo murabbiysi Xurshida Xalikova “Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlandi.

O‘ttiz yildan buyon sportning dzyudo turi bilan shug‘ullanayotgan, ushbu sport turi bo‘yicha murabbiylik qilayotgan Xurshida opani shu paytgacha soha vakillari dzyudochilar yaxshi tanisa-da, shogirdi – Diyora Keldiyorovaning xalqaro maydonda erishgan natijalari, xususan, 2024-yilgi Parij olimpiadasi chempioni bo‘lganidan so‘ng butun mamlakatga mashhur bo‘ldi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

– Ustoz uchun eng katta yutuq shogirdining muvaffaqiyati, – deydi Xurshida Xalikova. – Ayniqsa, birinchi shogirdim Diyora Keldiyorovaning dzyudo bo‘yicha o‘zbekistonlik birinchi Olimpiada chempioni bo‘lgani nafaqat men, balki butun mamlakatimiz uchun tarixiy voqea bo‘ldi. Diyoraning yutug‘idan so‘ng dzyudo bilan shug‘ullanuvchilar juda ko‘paydi. Ota-onalar yosh bolalarini sport maktablariga olib kelib, dzyudo to‘garaklariga bera boshladi. O‘zimga ham juda ko‘p kishilar murojaat qilib, farzandlariga murabbiylik qilishimni so‘rashdi.

Diyora murabbiylik faoliyatini Pastdarg‘om tumanidagi 1-sport maktabida boshlagan Xurshida Xalikovaning ilk shogirdlaridan biri. Undan tashqari, yana ko‘plab shogirdlari mamlakat birinchiliklari, Osiyo, jahon chempionatlarida muvaffaqiyat qozongan. Ayni paytda u viloyat yakka kurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida dzyudo murabbiysi sifatida faoliyat olib bormoqda.

– Prezidentimiz farmonlari bilan davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganimni eshitib, albatta, quvondim, ko‘zimdan sevinch yoshlari quyilib keldi – deydi “Sog‘lom turmush” medali sohibasi Xurshida Xalikova. – Ko‘p yillik mehnatim va sportni ommalashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimning yuksak e’tirof etilishi, albatta, men uchun katta sharaf. Shu bilan birga bu mukofot zimmamga katta mas’uliyat yuklaganini ham his qildim. Endi bu e’tirof, ishonchga munosib bo‘lib, yanayam fidoyilik bilan mehnat qilishni, Diyoraga o‘xshagan o‘nlab, yuzlab chempion qizlarni tarbiyalashni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Yurtimiz dzyudochilarining xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishi uchun bor kuch-g‘ayratimni safarbar etaman.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri