Taekvondo WTF bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining oltin medali sohibi Ulug‘bek Rashidov yosh sportchilar bilan uchrashib, ularga master-klass o‘tish uchun ko‘hna va boqiy Buxoroda bo‘ldi.
Chempion buxorolik yosh taekvondochilar bilan uchrashdi. Uchrashuv "O‘zbekiston PEPSI" kompaniyasi homiyligida Buxoro viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston Taekvondo WT assositsiyasining Buxoro viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Buxoro tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan tadbirda viloyatning turli hududlaridan 450 nafardan ziyod yosh sportchilar qatnashdi.
Olimpiada o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Rashidov taekvondo WT sirlari va jang texnikasini namoyish qildi.
Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga chempiondan batafsil javob oldi.
Ulug‘bek Rashidov olimpiada o‘yinlari chog‘idagi his-hayajonlari hamda bu natijaga erishish uchun u qanday mehnat qilib, sabr va harakat bilan ushbu marralarni zabt etgani xaqidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
Zarif Komilov, O‘zA