Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimp cho‘qqisini zabt etishni niyat qilgan polvon
11:22 / 2024-02-23

Bugun bir qator sohalarda yoshlarimiz O‘zbekiston nomi dunyo uzra baralla yangrashiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, sport sohasida erishilayotgan yutuqlarimiz soni kun sayin ortib bormoqda. Ana shunday yuksak natijalarni qayd etayotgan yoshlarimizdan biri Islomjon Bahromovdir.

Islomjon 1995 yil 17 iyul kuni Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tavallud topgan. O‘n yoshidan beri yunon-rum kurashi bilan shug‘ullanib keladi. Dastlab, polvonimiz o‘z tumanidagi sport to‘garagida birinchi murabbiyi O‘rol Ziyoyev qo‘l ostida shug‘ullandi. 2008 yilda esa poytaxtimizda joylashgan hozirgi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga yo‘l oldi. Bu yerda Baxtiyor Sayfiyev va Olim Qurbonov bilan mashg‘ulotlarni davom ettirdi. Bugunga kelib esa polvonimiz Toshkentdagi “Dinamo” sport majmuasida Ravshan Ro‘ziqulov, Elmurod Tasmurodov, Asliddin Xudoyberdiyev, Islom Shodmonov kabi murabbiylardan saboq olmoqda.  

Islomjon sportga kirib kelganidan so‘ng, yuksak marralar sari doimo olg‘a bordi. Tuman, viloyat, shahar va mamlakat chempionatlarida toblanib, xalqaro miqyosdagi musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qila boshladi. Polvonimiz o‘zining ilk xalqaro medalini 2012 yilda o‘smirlar o‘rtasida Qirg‘izistonda o‘tgan Osiyo chempionatida qo‘lga kiritdi. U mazkur musobaqaning 42 kilogrammgacha vaznida chempionga aylandi. Shuningdek, o‘z yosh toifasida bir qator xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.  

Uning iqtidori va kelgusida yaxshi natijalar qayd etishini inobatga olgan terma jamoamiz murabbiylari, dastlab 2011 yilda o‘smirlar, 2014 yilda yoshlar va 2016 yilda kattalar terma jamoasi tarkibiga qo‘shib oldi. Islomjon Bahromov o‘tgan yillar davomida xalqaro turnirlardan tashqari 2014 yili yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘ldi. 2018 yili Qirg‘izistondagi qit’a birinchiligida bronza, oradan bir yil o‘tib esa Xitoyda o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medal sohibi bo‘ldi. 2020 yilda Hindistondagi Osiyo birinchiligida navbatdagi bronza medalini qo‘lga kiritdi.  

O‘tgan 2023 yilning 24 sentyabr kuni Serbiya poytaxti Belgrad shahrida sport kurashlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining yunon-rum kurashi bo‘yicha 60 kilogramm vazn toifasida Islomjon Bahromov bronza medali va “Parij-2024" yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasi sohibiga aylandi. Shuningdek, polvonimiz o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston chempionati va kubogida bir necha bor shohsupaga ko‘tarilib kelmoqda.  

– Nufuzli musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz zamirida mamlakatimizda sportni, jumladan, Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor mujassam, – deydi Osiyo va jahon chempionatlari sovrindori Islomjon Bahromov. – Jahon chempionatida erishgan bronza medalimni shu yil Fransiyaning Parij shahrida o‘tkaziladigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalga aylantirish uchun bor kuch-g‘ayratimni sarflayman.  

Bugun yurtimizda yuksak marralarni zabt etish, kelgusida Olimpiada chempioni bo‘lishga qodir katta tajribaga ega sportchilar soni ko‘paymoqda. Ular dunyoda hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligini his etgan holda dunyo arenalariga dadil qadamlar bilan kirib kelmoqda. Ana shunday ulkan zafarlarni qo‘lga kiritayotgan farzandlari bor yurtning kelajagi buyuk bo‘ladi. Mamlakatimizning yetakchi sportchilari qatori sport kurashlari terma jamoamiz ham 2024 yilgi mavsum va yozgi Olimpiya o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Davlatimiz rahbarining "2024 yil Parij shahrida(Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori bu jarayonni zamonaviy talablar asosida tashkil etishda dasturilamal bo‘lmoqda.  

Prezidentimizning 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik dasturiga muvofiq, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi mintaqaviy federatsiyalar faoliyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashg‘ulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, mahoratli sportchilarni saralab borish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.  

O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik davomida jismoniy, texnik va taktik tayyorgarlik mashqlarida yanada toblanmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, sportchilarimiz uchun har bir nufuzli musobaqalar oldidan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari assotsiatsiya tomonidan tashkil etilayotir.  

Islomjon Bahromov va sport kurashlari bo‘yicha terma jamoamizni oldinda qit’a birinchiligi va Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi jahon miqyosidagi litsenzion musobaqalar va eng muhim “Parij-2024" Olimpiadasi kutib turibdi. Polvonlarimizga ushbu musobaqalarda omad yor bo‘lishini tilaymiz.  

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA