Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimp cho‘qqisini ikki bor zabt etgan o‘zbek o‘g‘loni
00:58 / 2024-08-09

Parij shahrida o‘tkazilayotgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining taekvondo WT bo‘yicha vazni 68 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar bahsida hamyurtimiz Ulug‘bek Rashitov oltin medalni qo‘lga kiritib, tarixiy natija qayd etdi.

Mamlakatimizda Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olgan bir qator sport turlari orasida taekvondo WT boʻyicha qoʻlga kiritilayotgan gʻalabalarimiz soni tobora ortmoqda va ushbu sport turi yurtimiz yoshlari oʻrtasida keng ommalashayotir.

Koʻzlarida ulkan gʻalabalar uchquni porlayotgan, oʻz oldiga ulkan maqsadlar qoʻygan yosh taekvondochilar yetishib chiqmoqda.

Ulardan biri ikki karra Olimpiya oʻyinlari gʻolibi boʻlgan Ulugʻbek Rashitovdir. U 2002-yilning 23-mart kuni Toshkent shahrida tugʻilgan.

U bolaligidan sportga, aniqrogʻi, sharq yakkakurashlariga qiziqa boshladi. Uning sportga oshnoligini koʻrgan otasi 8 yoshida taekvondo sport toʻgaragiga olib bordi va sport bilan shugʻullanishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berdi.

Ulugʻbek mashgʻulotlar mobaynida murabbiyi Pavel Xan qoʻl ostida taekvondoning nozik sir-asrorlarini oʻrgandi. Tuman, shahar va respublika miqyosidagi turnirlarda ishtirok etib, toblanadi. Asta-sekin nufuzli musobaqalarda oʻzini koʻrsata boshlaydi.

Taekvondochimiz 2017-yil oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo chempioniga aylangan boʻlsa, oradan bir yil oʻtib 2018-yilda Argentinaning Buenos Ayres shahrida boʻlib oʻtgan oʻsmirlar oʻrtasidagi yozgi Olimpiada oʻyinlarida -48 kg. vazn toifasida kumush medalni qoʻlga kiritdi.

2019-yilda oʻsmirlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida -55 kg. vazn toifasida oltin medalga sazovor boʻlgan. Shu yilning oʻzida Butunjahon harbiy oʻyinlarda -58 kg vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi.

2021-yilda Iordaniyada taekvondo boʻyicha Osiyo Olimpiya saralash turnirida Olimpiadaga yoʻllanma oldi.

Shu yilning oʻzida “Tokio-2020” Olimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oʻzbek taekvondochilari oʻrtasida birinchi oltin medalni qoʻlga kiritgan sportchi sifatida tarixga kirdi. Shuningdek, oʻsha yili Islom birdamlik oʻyinlarida gʻolib boʻldi. Prezidentimiz tomonidan “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

2021-2024-yillarga qadar oʻtkazilgan Gran-pri, jahon va qitʼa chempionatlari va nufuzli musobaqalarda gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. 2023-yil Xitoyning Xanchjou shahrida oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida barcha raqiblari ustidan zafar quchgan holda mamlakatimizga oltin medallar bilan qaytdi.

2024-yilda mamlakatimizning yetakchi sportchilari qatori Ulugʻbek Rashitov ham XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga qizgʻin hozirlik koʻrdi. Davlatimiz rahbarining “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori bu jarayonni zamonaviy talablar asosida tashkil etishda dasturilamal boʻldi.

Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik dasturiga muvofiq, Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi mintaqaviy federatsiyalar faoliyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashgʻulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, mahoratli sportchilarni saralab borish tizimini takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirdi.

XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga puxta tayyorgarlik natijasida Ulugʻbek Rashitov toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi gʻolibi boʻldi.

Taekvondochimiz mazkur musobaqaning nimchorak finalida Lo Vay Fungni (Hong Kong), chorak finalda Lyan Yushuayni (Xitoy), yarim finalda Xavyer Peres Poloni (Ispaniya) taslim etdi.

Soʻnggi hal qiluvchi final bahsida esa Zayid Karim (Iordaniya) bilan raqobatlashib, zafar quchdi va Olimpiya oʻyinlaridagi ikkinchi oltin medalini qoʻlga kiritdi.

Ha, Ulugʻbek Rashitov Olimpiya oʻyinlarida ketma-ket chempion boʻlgan ilk oʻzbek taekvondochisiga aylandi va uning nomi mamlakatimiz sporti tarixida zarhal harflar bilan yozildi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA