Buxoro davlat universitetida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining akademigi Said Shermuhammedovning 95 yilligi hamda bugungi kun falsafasining dolzarb muammolariga bag‘ishlangan “Inson-Jamiyat-Davlat: ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot omillari” mavzusida 5-Respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi, faylasuf olim Said Shermuhammedov (1930-2016) Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. 1953 yilda Samarqand davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlagan yosh mutaxassis O‘zbekiston Fanlar akademiyasida falsafa va huquq bo‘limida ilmiy tadqiqotchi, ilmiy kotib, direktor o‘rinbosari, oliygoh sektor mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.

S.Shermuhammedov ilmiy izlanishlari samarasi o‘laroq, 1973-1978 yillarda falsafa fanlari doktori, professor ilmiy unvonlarni himoya qilgan. U 1980 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi”, 1980-1984 yillarda respublika Maorif vaziri, O‘zbekiston Pedagogika ilmiy-tekshirish instituti direktori, 1985 yildan 2002 yilgacha esa Toshkent Davlat universiteti falsafa fakultetida kafedra mudiri lavozimlarida samarali mehnat qilgan.
Olim 1992 yilda Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sohibi, 1995 yilda esa “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.
Madaniy-ma’rifiy tadbirni Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov olib bordi. Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abera Huseynova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva so‘zga chiqib, olimning hayoti va ilmiy faoliyati, barkamol avlodga qoldirgan boy ilmiy merosi haqida to‘xtaldi.
Shuningdek, mehmonlar bosh foyeda mavzuga oid tashkil qilingan ko‘rgazma bilan ham tanishdi. Yosh musiqa shinavandalari, talabalar tomonidan milliy ohanglarda ijro qilingan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.