Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimlarimiz maqolalari e’tirof etildi
17:54 / 2023-05-30

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 4 nafar tadqiqotchisining ilmiy maqolalari yaqinda nashr qilingan “Islom sivilizatsiyasining musulmon olimlari” nomli xalqaro to‘plamda chop etildi.

Malayziya va O‘zbekistondagi 20 nafardan ortiq nufuzli olimning tegishli mavzulardagi maqolalari jamlangan mazkur to‘plamdan markaz direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodovning “Movarounnahr kutubxonalari tarixidan”, direktor bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor To‘rayevning “Xorazmiy va Beruniy: zamonaviy sivilizatsiya mutafakkirlari va asoschilari”, direktor o‘rinbosari, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyevning “Islom sivilizatsiyasi rivojida Alouddin Usmandiy Samarqandiyning o‘rni” va ilmiy-tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mehrojiddin Amonovning “XVIII-XIX asrlarda Markaziy Osiyoda naqshbandiya-mujaddidiya tariqatiga oid manbalar” nomli tadqiqotlari ham o‘rin oldi.  

To‘plam Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti tomonidan nashr etilgan bo‘lib, xalqaro Scopus elektron platformasiga kiritilgan.  

Kuni kecha to‘plam muharrirlari Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori, professor Fariza Bintu Sham hamda institut dotsenti Muhammad al-Adib bin Samuri Markazga tashrif buyurib, mazkur to‘plam taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimotda mehmonlar Markaz tadqiqotchilari ilmiy ishlarining xalqaro darajadagi e’tirofi ikki ilmiy muassasa o‘rtasida imzolangan Memorandum asosida olib borilayotgan uzviy hamkorlikning amaliy natijasi sifatida baholab, mualliflarini samimiy muborakbod etdi.  

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan ikki xalqning bir-biriga yaqin qadriyatlari yanada yuksak natijalarga erishish uchun mustahkam zamin hozirlashi alohida ta’kidlandi.  

G‘. Hasanov, O‘zA