Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olimlar texnogen chiqindidan mis, oltin va kumush ajratib olishga erishdi
12:23 / 2021-02-23

Bunga Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida to‘plangan 3 milliard tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha olimlar yaratgan texnologiya imkon beradi.

Bu I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi “Fan va taraqqiyot” davlat unitar korxonasida texnika fanlari doktori, professor Mahmudjon Yakubov rahbarligida olib borilgan bir qator ilmiy-tadqiqot loyihalari natijasida yaratildi.  

Olim Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida texnogen chiqindi hisoblanuvchi klinkerning tiklovchi xossalaridan foydalandi.  

Shu tariqa klinker tarkibidagi mis, oltin va kumush metallarini ajratib olishga qaratilgan qayta ishlash quvvati yuqori bo‘lgan va energiya tejamkor texnologiya yaratildi.

Ushbu ilmiy loyihalarni amalga oshirishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va muhandislar guruhi amaliy yordam ko‘rsatdi.  

Eng asosiysi, olimlar tomonidan ishlab chiqilgan va joriy etilgan yangi texnologiya yordamida kon-metallurgiya kombinatlarida yiliga qo‘shimcha 792,584 tonna mis, 43,3935 kg oltin va 10915,68 kg kumush ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Uning yillik iqtisodiy samarasi esa 15 million AQSH dollarini tashkil etadi.

Aytib o‘tish kerakki, tog‘-kon va metallurgiya sohasi sanoat tarmog‘ida yalpi ichki mahsulotning 9,2 foizi yaratilmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan sohaga oid ilmiy-tadqiqot loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Vazirlik huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali foydali loyihalar moliyalashtirilmoqda.  

Ayni paytda geologiya sohasi bo‘yicha ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida jami 8,9 milliard so‘mlik 26 amaliy loyiha bajarilmoqda.  

2020 yilda geologiya sohasidagi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturi tanlovlarida 6,25 milliard so‘mga teng 5 loyiha grant mablag‘i va Navoiy hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarining mablag‘lari hisobidan teng sherikchilikda moliyalashtirildi.  

Shahnoza Komilova,  

Innovatsion rivojlanish vazirligi  

Sanoatni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi.