Buxoroda “Ta’lim sohasidagi islohotlar – Yangi O‘zbekiston poydevori” mavzusida buxorolik pedagog olimlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oybek Rahimov hamda viloyat partiya tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyati, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va kelajak avlodni yetuk mutaxassis qilib tarbiyalashdagi ahamiyati keng muhokama qilindi. Abdushukur Hamzayev o‘z so‘zida o‘qituvchi va murabbiylarning fidokorona mehnati tufayli yosh avlodni Vatanga sadoqatli, bilimli va ma’naviy barkamol qilib tarbiyalash yo‘lidagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, ta’lim jarayoniga ilg‘or tajribalar, zamonaviy innovatsion yondashuvlar va ekologik tarbiya elementlarini tatbiq etish, yoshlar orasida ekologik madaniyatni keng yoyish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.

Uchrashuvda ekologik islohotlarga o‘zining fidoyiligi va jonkuyarligi bilan hissa qo‘shib kelayotgan viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda fan doktorlariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA